Buyuk Britaniya kompaniyasi bilan Ustyurtdagi loyihani jadallashtirish masalalari muhokama qilindi
Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilayotgan “Baku Energy Week – 2026” xalqaro energetika haftaligi doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov bilan Buyuk Britaniyaning nufuzli "British Petroleum" (BP) kompaniyasining vitse-prezidenti Gordon Birrell va Ozarbayjon–Gruziya–Turkiya mintaqasi bo‘yicha katta vitse-prezidenti Jovanni Kristofoli o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik, shuningdek, kompaniyaning Ustyurt mintaqasida amalga oshirilayotgan mahsulot taqsimotiga oid bitim (SRP) loyihasidagi ishtiroki yuqori baholandi.
Muzokaralar chog‘ida Toshkent shahrida erishilgan kelishuvlar davomi sifatida ushbu loyiha bo‘yicha 2029 yilga qadar mo‘ljallangan batafsil chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgani qayd etildi. Shu bilan birga, geofizik ma’lumotlarni interpretatsiya qilish ishlarini yakunlanish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Abdug‘ani Sanginov mazkur strategik ahamiyatga ega loyihani jadallashtirish maqsadida burg‘ilash ishlarini 2027 yil yakunida boshlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Shu munosabat bilan loyiha bosqichlarini optimallashtirish va amaliy jarayonlarni tezlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv davomida “British Petroleum” rahbariyati kompaniya faoliyatining asosiy tamoyillaridan biri — har bir davlatda uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekanini ta’kidladi.
“Biz faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda o‘nlab yillar davomida ishlaymiz. O‘zbekiston bozoriga ham qisqa muddatli emas, balki 50–60 yillik strategik hamkorlik maqsadida kirib kelmoqdamiz”, — deya qayd etdi kompaniya vakillari.
Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun zarur omillar haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, neft-gaz sohasida eng muhim masalalardan biri — zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hisoblanadi.
“Bugungi kunda sohada burg‘ilash ishlaridan tortib, ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichlarigacha kompaniyamiz uchun yangi yondashuvlar zarur. Ko‘plab jarayonlar eski texnologiyalar asosida saqlanib kelmoqda”, — dedi Abdug‘ani Sanginov.
Shuningdek, “British Petroleum” tomoni AQSHda joylashgan yuqori quvvatli superkompyuterlar va zamonaviy algoritmlar yordamida seysmik ma’lumotlarni qatlamlar kesimida chuqur tahlil qilish imkoniyatlariga ega ekanini ma’lum qildi.
Kompaniya vakillari mazkur innovatsion yechimlar va ilg‘or raqamli texnologiyalarni O‘zbekiston neft-gaz sohasiga ham joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Muzokaralar yakunida neft-gaz sohasidagi sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ularni yangi amaliy natijalar bilan kengaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.