Yesterday

Xitoy kompaniyasi bilan seysmik qidiruv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

Рус

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoydagi xalqaro muloqotini geofizika va seysmik qidiruv sohasida dunyo miqyosida yetuk tajribaga ega bo‘lgan “BGP”(Bi-Ji-Pi) kompaniyasi rahbariyati bilan davom ettirdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda keng ko‘lamli seysmik tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning yakuniy shartlari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Boshqaruv raisi “BGP” kompaniyasining yuqori professional darajasi va keng xalqaro tajribasini alohida ta’kidladi.

Muloqotda e’tibor hamkorlikning yakuniy shartlari, xususan, bitimning tijorat parametrlarini kelishib olish masalalariga qaratildi. Uchrashuv yakunida Boshqaruv raisi kelishilgan shartlar amalda o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Muloqotda joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “BGP” o‘rtasida birinchi bosqichda Muborak mintaqasida 3000 kvadrat kilometr, ikkinchi bosqichda esa Ustyurt mintaqasida 1300 kvadrat kilometr hududda seysmik tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu loyihalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib, yuqori sifat, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish va eng maqbul texnik yechimlarni talab qiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

«O‘zbekneftgaz» AJ Axborot xizmati