Xodimlar uchun navbatdagi “Teatr kuni”
Xabaringiz bor, O‘zbek milliy akademik drama teatrida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari uchun navbatdagi “Teatr kuni” o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan san’at va madaniyat, jumladan o‘zbek teatr san’atini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarmalar va korxonalarda ham “Teatr kunlari”, vaxta usulida mehnat qilayotgan ishchilar uchun sayyor teatrlarning tashkil etilishi an’anaga aylanib ulgurgan.
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida o‘tkazilgan madaniy tadbirning ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rustam Sherov so‘zga chiqib, 2024 yilda jamiyat tomonidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida so‘z yuritdi. Mahsulot ishlab chiqarish, investisiyalar jalb qilish, eksport, tannarxni kamaytirish hamda soliq to‘lovlari belgilangan rejadan yuqori ko‘rsatkichlarda ta’minlangani qayd etildi.
Xodimlar kirib kelgan Yangi 2025 yil bilan muborakbod etilarkan, hukumat tomonidan belgilab berilgan maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlashda katta jamoa har bir a’zosining mashaqqatli mehnati yotgani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng xodimlar uchun hayajonli daqiqalar boshlandi. O‘tgan yildagi samarali faoliyati uchun “O‘zbekneftgaz” AJning bir guruh fidoiy ishchi-xodimlari “Eng yaxshi burg‘ulovchi”, “Eng yaxshi neft-gaz qazib chiqarish xodimi”, “Konlarni ishlatish bo‘yicha eng yaxshi geolog”, “Eng yaxshi uglevodorodlarni qayta ishlash xodimi”, “Eng yaxshi dispetcher”, “Eng yaxshi energetik”, “Eng yaxshi mexanik”, “Mahalliylashtirishda eng faol xodim” kabi 36 ta nominatsiya bo‘yicha esdalik sovg‘alari va maxsus statuetkalar bilan taqdirlanishdi.
Tadbir so‘nggida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub “Adolat fasli” spektakli namoyish etildi. Ushbu sahna asarida ulug‘ ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, xususan, Amir Temurning adolatli davlat boshqaruvi haqida hikoya qilinadi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev boshchiligidagi mahoratli aktyorlar ijrosidagi spektakl xodimlarning to‘xtovsiz olqishiga sazovor bo‘ldi.