September 23

“Aqlli” qo‘riqlash: 21 kilometrlik quvur liniyasi va 5 mlrd so‘mlik samara

“O‘zbekneftgaz” AJda yil boshidan boshlangan islohotlar nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, balki har bir jarayonda samaradorlikni ta’minlash, ortiqcha xarajatlarni qisqartirish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanishga qaratilgan. Bu yondashuv qo‘riqlash tizimida ham o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda.

Jamiyatda qo‘riqlash xizmati bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Jamiyat tasarrufidagi obyektlarda xorijiy kompaniyalarning ilg‘or tajribasi o‘rganilib, qo‘riqlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari tahlil qilindi.

O‘rganishlar natijasida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli gazkondensat quvur liniyasining dastlabki 21 kilometrlik qismida avtomatlashtirilgan optik tolali akustik monitoring — DAS tizimini joriy etishga qaror qilindi. Bu texnologiya quvur liniyasi bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqonuniy harakatlarni tezkor aniqlash va markazlashgan raqamli nazoratni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Loyihaning muhim jihati — ilgari jismoniy kuch bilan qo‘riqlangan 10 ta postdagi nazoratni raqamlashtirish imkoni yaratilganidir. Natijada qo‘riqlash jarayonida inson omili sezilarli darajada kamayib, nazoratning uzluksizligi va tezkorligi ta’minlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yechim qo‘riqlash bilan bog‘liq xarajatlarni yiliga 5 milliard so‘mgacha optimallashtirish imkonini bermoqda.

Loyiha Boshqaruv raisiga taqdim etilganidan so‘ng, belgilangan topshiriqlar asosida uni amalga oshirish ishlari boshlandi. “O‘zbekneftgaz” AJ va “SMART TECHNOLOGY SYSTEM” MCHJ o‘rtasida tegishli shartnoma imzolanib, loyihani amalga oshirish uchun Xitoyning “Hikvision” kompaniyasi bilan hamkorlikda zarur qurilma va jihozlar xarid qilindi. Shu bilan birga, ichki imkoniyatlardan foydalangan holda quvur liniyalarida zarur qurilish-montaj ishlari bajarildi, kabellar yotqizilib, DAS qurilmasi dasturlandi va tizim to‘liq ishga tushirildi.

Bugun mazkur tizim quvur liniyalaridagi xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy vositasi sifatida ishlamoqda. Uning yana bir muhim jihati — alohida infratuzilma sharoitlarini yaratishga katta qo‘shimcha xarajat talab etmasligi va mavjud sharoitlarga moslashtirilganidir.

Eng muhimi, bu — yil boshida boshlangan islohotlarning amaldagi natijalaridan biri. Ya’ni samaradorlik faqat mablag‘ni tejash bilan emas, kamroq resurs bilan yanada ishonchli, tezkor va zamonaviy natijaga erishish bilan o‘lchanmoqda.

Qo‘riqlash tizimidagi ushbu tajriba bilan cheklanib qolinmaydi. Kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqa obyektlarda ham raqamlashtirilgan axborot texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati