9,2 ming tonna sanoat chiqindisi ikkilamchi foydalanishga yo‘naltirildi
Mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish talablari kuchayib borayotgan bir sharoitda sanoat chiqindilarini samarali boshqarish masalasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chiqindilarni qayta ishlash va ulardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanish ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan birga iqtisodiy samara ham beradi.
Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimi korxona va tashkilotlari tomonidan shartnomalar asosida jami 9 233,48 tonna sanoat chiqindisi ikkilamchi foydalanish uchun sotilib, 19 495,7 mln so‘mlik iqtisodiy natijaga erishildi.
- Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi — 1 887,88 tonna chiqindini 6 484,53 mln so‘mga qayta foydalanishga topshirdi;
- Buxoro neftni qayta ishlash zavodi — 494,77 tonna chiqindini 790,93 mln so‘mga;
- Muborak gazni qayta ishlash zavodi — 1 372,03 tonna chiqindini 2 923,41 mln so‘mga;
- “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi — 1 130,15 tonna ishlab chiqarish chiqindisini qayta ishlashga yetkazib berdi.
Mazkur ishlar natijasida nafaqat iqtisodiy foyda olindi, balki chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirildi va ularni joylashtirish uchun to‘lanadigan kompensatsiya xarajatlari qisqardi.
Jamiyatda bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, kelgusida boshqa turdagi chiqindilarni ham ikkilamchi foydalanishga jalb qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.