Yoshlar bilan muloqot: takliflar, tashabbuslar va yangi maqsadlar
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ markaziy apparatida tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Jamiyat Bosh geolog Nodir Muhiddinov, Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi O‘tkirbek Mamatqulov hamda boshqarma va korxonalarda faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, ularning intellektual salohiyati va kasbiy mahoratini yuksaltirish, tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. “O‘zbekneftgaz” AJda ham yoshlar faolligini oshirish hamda yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Uchrashuv davomida yoshlarning mehnat faoliyati, kasbiy rivojlanishi, innovatsion g‘oyalari va tashabbuslari muhokama qilinib, ularni qo‘llab-quvvatlashda to'siq bo'layotgan mavjud muammolarni hal etish hamda istiqboldagi vazifalar yuzasidan ochiq muloqot olib borildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar hamda tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarini bildirdilar.
Ta’kidlanganidek, neft-gaz sanoatining bugungi va ertangi taraqqiyoti zamonaviy bilim va dunyoqarashga ega, tashabbuskor va fidoyi yoshlar bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois Jamiyatda yoshlarning kasbiy o‘sishi, malakasini oshirishi va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tadbir yakunida Jamiyat tizimida faoliyat yuritayotgan, o‘zining tashabbuskorligi, mehnatsevarligi va erishgan yutuqlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh faol yoshlar Jamiyat rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.