“O‘zbekneftgaz” Ochiqlik indeksida “yashil” ko‘rsatkichda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2023 yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilindi.
Ikkinchi bor e’lon qilinayotgan mazkur Indeksda jami 103 ta (2022 yilda – 86 ta) davlat idorasi va tashkilotlar faoliyati qamrab olingan. Indeks 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilgan.
Baholash natijalariga ko‘ra, 31 ta idora va tashkilot “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.
E’tiborlisi, “O‘zbekneftgaz” AJ natijalari avvalgi yilga solishtirilganda ijobiy o‘zgarishda. 2022 yilda Jamiyat 63,7 bal bilan 36 o‘rinni egallagan bo‘sa, 2023 yilda 75,1 ball bilan 23 o‘ringa ko‘tarilgan.
Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agenligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi bo‘yicha reyting natijalariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ “yaxshi” deb topilib, 42 ta davlat tashkiloti ro‘yxatida beshinchi o‘rinni egallagan edi.