Today

Qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi — "Air Products" muzokaralar markazida

Xalqaro investitsiya forumi doirasida Boshqaruv raisi bugun shuningdek AQSHning “Air Products” kompaniyasi bosh direktori Eduardo Menezes bilan ham muloqot olib bordi.

Unda kompaniyaning Yevropa va Afrika bo‘yicha prezidenti Ivo Bols, Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti va bosh direktori Vatslav Garant, Markaziy Osiyo bo‘yicha biznesni rivojlantirish va sanoat aktivlarini boshqarish direktori Artur Gazizyanov hamda kompaniya bosh direktorining Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Muxamedov ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida 2026 yil 1 may kuni o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosi, qo‘shma loyihalarning joriy holati hamda belgilangan muddatlarda ishlarni bajarish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar “Uzbekistan GTL” MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida moliyaviy model, qo‘shimcha kelishuvlar, texnik nuqsonlarni bartaraf etish ishlari va ehtiyot qismlar ta’minoti bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Tomonlar kelgusida ham konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati