«Yashil energetika» va ekologik xavfsizlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan 28-Xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” anjumani doirasida “Energetika sohasida yashil kirish va ekologik xavfsizlik” mavzusida strategik muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov ham spiker sifatida ishtirok etdi.
Muloqot davomida keyingi avlod energetikasi uchun ilg‘or ekologik standartlarni joriy etish, energetika sohasida suv resurslarini samarali boshqarish, ESG va uglerod ko‘rsatkichlari asosida ekologik hisobot yuritish, yashil investitsiyalarni jalb qilish hamda uglerod izini kamaytirishda muqobil energiya manbalarining o‘rni kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, energetika infratuzilmasida ekologik toza materiallardan foydalanish va barqaror rivojlanish tamoyillarini keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutasaddilar va xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tgan mazkur muloqot energetika tarmog‘ini ekologik jihatdan barqaror rivojlantirish, zamonaviy texnologik yechimlarni keng joriy etish hamda tarmoqning ekologik mas’uliyatini oshirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.