“O‘zbekneftgaz” va “Sasol”: uzoq yillik hamkorlikning yangi bosqichi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov “Sasol” kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti Sarushen Pillay bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab, “Sasol” kompaniyasi bilan shakllangan uzoq yillik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari alohida e’tirof etildi. Qayd etish joizki, 75 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan mazkur kompaniya sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish va uglevodorod xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohasida dunyoda yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
“Sasol” kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodi loyihasini amalga oshirishda asosiy texnologiya litsenziari sifatida ishtirok etgan. Bugungi kunda mazkur korxona mamlakat energetika sanoatining muhim va strategik ishlab chiqarish obyektlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yil zavod 100 foiz quvvatda ishlash sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan va loyihaviy quvvatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Uchrashuv davomida “Uzbekistan GTL” faoliyatini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi mahsulot turlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Sasol” mutaxassislari tomonidan Janubiy Afrikadagi korxonalar faoliyati bo‘yicha ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashildi. Ta’kidlanishicha, mazkur texnologiyalar asosida Janubiy Afrikadagi korxonalarda 200 dan ortiq turdagi yoqilg‘i va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Muloqotda avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi holati ham muhokama qilindi. “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmini yanada ko‘paytirish, qo‘shimcha mahsulot turlarini yo‘lga qo‘yish, istiqbolli kimyoviy mahsulotlar va zavodning ishlash quvvatini yanada oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi tashabbus va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek neft-gaz sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.