Ishlar qog‘ozda emas, amalda tashkil etilsa kutilgan natija bo‘ladi- Abdug‘ani Sanginov
Ayni paytda Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi Ishchi guruh ishtirokida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlari, qish mavsumiga tayyorgarlik hamda kelgusi yil uchun belgilangan rejalar yuzasidan tahliliy yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Dastlab kun tartibida qish mavsumida iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, qazib chiqarish hajmini bir maromda saqlash va rejalashtirilgan ishlarni o‘z vaqtida bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Boshqaruv raisi ta’kidlaganidek, gazga bo‘lgan talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda har bir quduqning imkoniyatidan unumli foydalanish, geologik-texnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish va ishlab chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda yilning qolgan davrida geologik-texnik tadbirlar ijrosini jadallashtirish, quduqlar samaradorligini oshirish va gaz qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ishlab chiqarish obyektlaridagi bug‘ va suv isitish qozonlarini ta’mirlash, elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligini oshirish, mavjud uskuna va tizimlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, ishchilar shaharchasidagi sharoitlarni yaxshilash, o‘rganishlar davomida aniqlangan masalalarni tezkor hal etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va qurilish obyektlari bilan bog‘liq ishlarni belgilangan tartibda tashkil etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilishda kelgusi yil faoliyatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Jumladan, 2027 yil uchun ishlab chiqarish dasturi, gaz qazib chiqarish prognozlari, geologik-texnik tadbirlar rejasi, xaridlar dasturi va zarur moddiy-texnika resurslari zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini belgilangan muddatda yakunlash topshirildi.
Bundan tashqari, mahsulot tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini maqbullashtirish hamda rahbar va xodimlar faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini aniq belgilashga e’tibor qaratildi.
Boshqaruv raisi barcha yo‘nalishlarda ishlarni qog‘ozda emas, amalda tashkil etish, har bir topshiriqning ijrosi va natijasi uchun mas’uliyatni oshirish zarurligini ta’kidladi.
Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi Muborak boshqarmasida ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, qish mavsumini betalofat o‘tkazish hamda kelgusi yilda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishda muhim omil bo‘ladi. Yig‘ilish davom etmoqda.