Yesterday

Mehnat yo‘lining munosib yakuni

“O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparatida ko‘p yillar samarali mehnat qilib kelgan bir guruh xodimlarni nafaqaga kuzatish marosimi o‘tkazildi.

Jamiyatda inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas. Bu borada xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat faoliyatini munosib yakunlash uchun sharoit yaratishga qaratilgan yangi qarorlar qabul qilinmoqda. Xususan, jamoa shartnomasiga kiritilgan o‘zgartishlar nafaqaga chiqishni rejalashtirayotgan xodimlar uchun qo‘shimcha imkoniyat va rag‘batlarni nazarda tutadi.

Yangi tartibga muvofiq, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan xodimlar pensiya huquqi yuzaga kelgan kundan boshlab 1 oy ichida mehnat shartnomasini bekor qilsa, sohada ishlagan har bir yil uchun oylik maoshining 50 foizi miqdorida bir yo‘la to‘lov olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu o‘z navbatida, nafaqaga chiqish qarorini qabul qilayotgan mutaxassislar uchun moliyaviy va ijtimoiy jihatdan qo‘shimcha kafolat yaratib, mehnat yo‘lini munosib yakunlash imkonini beradi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mehnat faoliyatini yakunlayotgan xodimlarning sohani rivojlantirishdagi xizmati, shogirdlariga qoldirgan kasbiy maktabi va yosh kadrlar tayyorlashdagi hissasini alohida e’tirof etishdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati