October 19

Nufuzli xalqaro reyting agentliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi

Londonda "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari "Fitch Ratings" va "S&P Global Ratings" agentliklari tahlilchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz tarmog‘i bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev ham onlayn ishtirok etdi.

Uchrashuvlar agentliklar bilan muntazam muloqotlar doirasida tashkil etildi. Qayd etish joizki, kompaniya reytinglarni suveren darajasiga yetkazish va uni saqlab qolishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, moliyaviy ko‘rsatkichlar, jumladan, agentliklar metodologiyalari asosidagi ko‘rsatkichlar muntazam monitoring qilib borilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda "Fitch Ratings" "O‘zbekneftgaz" AJ reytingini "BB" darajasiga, "S&P Global Ratings" esa "BB-" darajasigacha oshirdi. Har ikki reyting bo‘yicha prognoz — "Barqaror".

Agentliklarga transformatsiya natijalari, jumladan, korporativ boshqaruvni kuchaytirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash bo‘yicha erishilgan natijalar taqdim etildi. Joriy yil 30 iyun holatiga ko‘ra, so‘nggi o‘n ikki oyda tushum 10 foizga o‘sib, 3 mlrd dollarga, EBITDA esa 1,5 mlrd dollarga yetdi. Ushbu natijalar mustaqil auditorlar tomonidan tekshirilgan moliyaviy hisobotlar bilan tasdiqlanadi.

Kompaniyaning moliyaviy barqarorligi tizimli davlat ko‘magi (2026 yilda qariyb 1 mlrd dollar) va daromad manbalarini diversifikatsiya qilish hisobiga ta’minlanmoqda. "Sof qarz/EBITDA" ko‘rsatkichi 3,1x dan 2,2x gacha pasaydi. Qayta moliyalashtirish natijasida kredit portfeli tuzilmasi yaxshilanmoqda, kovenantlar yetarli zaxira bilan bajarilmoqda va likvidlik mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish choralari va "ESG" sohasidagi yangi yutuqlar taqdim etildi. Ular qatorida kompaniyaning birinchi xalqaro "ESG" reytingi hamda ISSB standartlari asosida tayyorlangan ilk iqlim hisoboti bor.

"O‘zbekneftgaz" reytinglarni qayta ko‘rib chiqish jarayonida agentliklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligi bildirildi.
 
"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati