Chuqurlikdagi imkoniyatlar: Ustyurtda 5 ta quduqni burg‘ilash orqali yangi zaxiralar o‘rganilmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning o‘rganishlari Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan “Qiziljar” va “Shag‘irlik” konlarida burg‘ilanayotgan 5 ta quduqda davom ettirildi.
Loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash, istiqbolli qatlamlarni o‘rganish va mamlakat energiya ta’minoti barqarorligini mustahkamlashdan iborat.
Boshqaruv raisi mazkur maydonlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan joyida tanishib, burg‘ilash jarayonlari, ish sur’ati, texnik xavfsizlik talablariga rioya etilishi va belgilangan rejalar ijrosini ko‘rib chiqdi.
Qayd etish joizki, joriy yil aprel oyidan boshlab Ustyurt hududidagi “Qiziljar” va “Shag‘irlik” maydonlarida chuqur burg‘ilash ishlari izchil yo‘lga qo‘yilib, qisqa muddat ichida ularning qamrovi sezilarli darajada kengaytirildi.
Bugungi kunda ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan beshta quduqning ayrimlari loyihaviy chuqurlikka yaqinlashmoqda, yangi boshlanganlarida esa rejalashtirilgan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ishlar “Oʻzneftgaz burgʻilash ishlari” MCHJ hamda Xitoyning “CNPC Xibu Drilling Engineering Company Ltd” kompaniyasi tomonidan bajarilmoqda. Shu bilan birga, Boshqaruv raisining topshirigʻi bilan xorijiy kompaniyaning ilgʻor tajribasini amaliyotda oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, ayni paytda yuqori kurslarda tahsil olayotgan 4 nafar talaba Xitoy kompaniyasi mutaxassislari bilan birga ish jarayonlarida ishtirok etib, zamonaviy burgʻilash texnologiyalari va ishlash usullarini bevosita amaliyotda oʻzlashtirmoqda.
Boshqaruv raisi chuqur quduqlarda ish olib borish yuqori texnologik yondashuv, aniq hisob-kitob va katta tajribani talab etishini ta’kidladi. Qatlamlarni puxta o‘rganish orqali yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish muhim ekanini qayd etdi. Mas’ullarga esa texnika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jarayonlarda asossiz to‘xtalishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda belgilangan vazifalarni muddatida va sifatli bajarish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.