Today

Xodimlar sun’iy idrok bo‘yicha amaliy bilimlarni o‘zlashtirdi

Neft-gaz sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashni jadallashtirish maqsadida "UNG Academy" tomonidan 5–10 iyun kunlari “Korporativ amaliyotda sun’iy intellekt” mavzusida o‘quv-kursi tashkil etildi.

Unda “O‘zbekneftgaz” AJ hamda "Uzbekistan GTL" zavodi xodimlaridan iborat 20 nafar mutaxassis ishtirok etdi. Oltita amaliy trening davomida ishtirokchilar ish jarayonlari samaradorligini oshirish, kundalik vazifalarni avtomatlashtirish, tahliliy materiallar tayyorlash, hujjatlar bilan ishlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘rgandilar.

Ayniqsa, neft-gaz sohasida AI-texnologiyalarining dolzarbligiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda dunyoning yetakchi energetika kompaniyalari analitika, loyihalarni boshqarish, xaridlar, logistika, treyding, sanoat xavfsizligi va operatsion faoliyat jarayonlariga sun’iy intellekt yechimlarini faol joriy etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, AI-kompetensiyalarni rivojlantirish zamonaviy neft-gaz sohasi mutaxassislari uchun muhim professional ko‘nikmalardan biriga aylanmoqda.

O‘quv jarayonida ishtirokchilar promt-injiniring asoslari, zamonaviy AI-platformalar va AI-agentlar imkoniyatlari bilan tanishdilar. Shuningdek, sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish masalalari hamda korporativ faoliyatda AI-instrumentlarni joriy etish bo‘yicha amaliy keyslar ko‘rib chiqildi.

Kursning asosiy jihatlaridan biri uning amaliy yo‘naltirilgani bo‘ldi. Har bir ishtirokchi real ish vazifalari, hujjatlar va ma’lumotlar bilan ishlab, olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish va AI imkoniyatlarini shaxsiy hamda jamoaviy samaradorlikni oshirishda baholash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt sohasida katta tajribaga ega xalqaro ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislar tomonidan olib borildi. O‘quv jarayoni amaliy keyslar va real biznes vazifalari asosida tashkil etilgani ishtirokchilarning yuqori darajadagi faolligi va kursning amaliy ahamiyatini ta’minladi.

Kurs bitiruvchilariga xalqaro namunadagi sertifikatlar topshirildi.

"O`zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati