Toshkentda VII xalqaro marafon bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan VII Toshkent xalqaro marafoniga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda World Athletics Label maqomiga ega bo‘lgan yagona, xalqaro miqyosdagi sport tadbiriga “O‘zbekneftgaz” AJ ham hamkorlik qilmoqda. Qayd etish joizki, ushbu marafon World Athletics xalqaro musobaqalar taqvimiga kiritilgan.
Joriy yilgi marafonda butun dunyodan 8000 ga yaqin professional sportchilar va yugurish ishqibozlari ishtirok etishi kutilmoqda. 13 aprel kuni Yangi O‘zbekiston bog‘iga tutash yo‘l bo‘ylab va bog‘ hududida tashkil etiladigan musobaqaga 42 km klassik marafon, 21 km yarim marafon masofalari hamda 3 va 10 km masofalar kiritilgan.
12 aprel kuni, asosiy poygadan bir kun oldin “Magic City” parkida bolalarning an’anaviy “Kids Run” poygasi bo‘lib o‘tadi. Yosh sportchilar 1 km (5–9 yoshli bolalar uchun) va 3 km (10–14 yoshli bolalar uchun) masofalarga yugurishlari mumkin. Shu kuni nogironlar uchun inklyuziv poyga va shimoliy yurish (3 km) musobaqasi ham bo‘lib o‘tadi. Barcha tadbirlar soat 08:00 da boshlanadi.
Marafon umumiy sovrin jamg‘armasi — 639 million so‘mni tashkil qiladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar (1-3-o‘rinlar) marafon hamkorlarining qimmatbaho sovg‘alariga ega bo‘ladilar. Shuningdek, O‘zbekiston milliy rekordini o‘rnatganlar uchun asosiy mukofotlardan tashqari, bonuslar taqdim etiladi — marafon masofasi uchun 15 million so‘m, yarim marafon uchun 10 million so‘m.
Musobaqalarda fuqaroligidan qat’iy nazar, professional sportchilar va havaskorlar qatnashishi mumkin. Shuningdek, korporativ jamoalar, tashkilotlar va sport klublarining jamoaviy arizalari qabul qilinadi.
Marafonda ishtirok etish uchun Yugur.uz va Perfend.com platformasida ro‘yxatdan o‘tish va to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 2025 yil 2 aprelgacha davom etadi.