"GTLda ishlash – baxt va mas’uliyat” — Abdug‘ani Sanginov
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov “Uzbekistan GTL” MCHJda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan ochiq va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Unda korxona rahbariyati, yoshlar faollari hamda turli lavozimdagi ishchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Boshqaruv raisi “Uzbekistan GTL”da ishlash har bir xodim uchun katta mas’uliyat bilan birga sharaf ekanini ta’kidlab, ushbu majmua Markaziy Osiyoda yagona, noyob va strategik ahamiyatga ega korxona hisoblanishini qayd etdi.
Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Ishchilar o‘z taklif va mulohazalarini erkin bildirdi, mehnat sharoiti, ish haqi, ishlab chiqarish jarayonlari va ijtimoiy masalalar bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Uchrashuv davomida muhim ijtimoiy qarorlar e’lon qilindi. Xususan, “Uzbekistan GTL”da ishlaydigan razryadi past xodimlar, farrosh va bog‘bonlarning oylik maoshi ko‘tarilishi ma’lum qilindi. Bu qaror oddiy mehnatkashlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini yaxshilashga qaratilganligi bilan muhimdir.
Muloqotda mahalliylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xorijdan zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda, mahsulotlarni aynan shu yerning o‘zida ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishi qayd etildi.
Shuningdek, "GTL" majmuasini barqaror ravishda gaz bilan ta’minlash orqali uning iqtisodiy samaradorligiga erishish muhim vazifa ekani aytildi. Mahsulotning bir birlik ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida yoshlar so‘zga chiqib, Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q bo‘lgan ushbu noyob zavod barpo etilgani uchun davlat rahbariga minnatdorchilik bildirildi. Bunday yirik va zamonaviy korxona yoshlar uchun katta imkoniyat, kasbiy o‘sish va munosib mehnat sharoitini yaratib bermoqda.
Mazkur uchrashuv ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning takliflarini inobatga olish hamda “Uzbekistan GTL” faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qildi.