Yesterday

Polimer ishlab chiqarishda kamchiliklar bormi? — Infratuzilma bo‘yicha yangi vazifalar

Boshqaruv raisi topshirig‘iga ko‘ra, moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosar boshchiligidagi ishchi guruh o'rganish ishlari olib borish jarayonida Sho'rtan gaz kimyo majmuasida bo`lib, polimer mahsulotlarini ishlab chiqarishga iqtisoslashgan bo'linmalarni ko'zdan kechirdi va sohani rivojlantirish bo`yicha takliflarini bildirdi.

Dastlab majmuaning Qarshitermoplast bo'limida ishlab chiqarilayotgan polimer mahsulotlari, texnologik jarayonlarning tashkil etilishi, mahsulot sifati va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi ko‘zdan kechirildi. Bo'linmada ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, mahsulot sifatini oshirish va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikkinchi manzilda Xitoyning “Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “NASAF XCP TECHNO” qo‘shma korxonasi faoliyati o‘rganildi. Quvvatlardan samarali foydalanish hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh majmuaning "Geolog" sog‘lomlashtirish markazi faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Markazdagi mavjud infratuzilma obyektlari, bino va inshootlarning joriy holati ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, "Gissarneftgaz" QK tasarrufidagi mehmonxonani taʼmirlash masalalari ko‘zdan kechirildi. Mehmonxona infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, taʼmirlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati