Korxonalar samaradorlik ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanish kuzatildi
Joriy yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari samaradorligi baholandi. Baholash operasion faoliyatning asosiy qismini qamrab olgan samaradorlik indekslari asosida o‘tkazildi.
Tahlil natijalari yuzasidan korxona rahbariyati, tegishli mutaxassislar va ishlab chiqarish bo‘linmalari vakillari ishtirokida muhokamalar o‘tkazildi. Unda erishilgan natijalar va samaradorlikni oshirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor harakatlar belgilab olindi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida samaradorlik ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanish kuzatildi.
Ishlab chiqarish samaradorligi indeksi
Jumladan, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida xomashyo qabul qilish hajmini oshirish va polietilen ishlab chiqarish jarayonida markalarni almashtirish vaqtini optimallashtirish hisobiga ishlab chiqarish hajmi 7,7 ming tonnaga oshirildi. Natijada samaradorlik 12,2 foizga o‘sdi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ham ushbu ko‘rsatgich 6,4 foizga yaxshilandi. Bu natijaga rejali ta’mirlash ishlarini qisqa muddatda bajarish va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish xajmini 48,1 ming tonnaga oshirish orqali erishildi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 1 tonna xomashyoni qayta ishlash uchun sarflangan energiya miqdori 15 foizga kamaytirishga erishildi. Natijada 9,2 ming tonna shartli yoqilg‘i energiya resurslari tejaldi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi (–6%) va Muborak gazni qayta ishlash zavodi (–5,3%) da ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi: olti oyda ushbu korxonalar tomonidan jami 36,9 ming tonna shartli yoqilg‘i (ya’ni 32 mln m³ tabiiy gaz ekvivalenti) miqdorida energiya tejalishiga erishildi.
Tovar-moddiy boyliklar (TMB) qoldiqlari darajasi
Birinchi yarim yillikda Muborak gazni qayta ishlash zavodi TMB hajmini 29,8 mlrd so‘mga, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi esa, 28 mlrd so‘mga kamaytirishga erishdi. Bu esa, xaridlarni rejalashtrish aniqligi va likvidlik ko‘rsatkichi yaxshilanganligi hamda saqlash xarajatlari qisqarganligidan dalolat beradi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bir yildan ortiq saqlanayotgan TMB miqdori 10 mlrd so‘mga kisqartirildi, bu esa nolikvid zaxiralar qisqarishi va mablag‘ aylanmasi yaxshilanishiga xizmat qildi.
Muhokamalar yakunida korxonalar samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar belgilanib, ular bajarilishi uchun mas’ul shaxslar belgilandi.
Ta’kidlash joizki, 2024 va 2025 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan joriy yilda 59,3 mlrd so‘m samaraga erishilgan bo‘lib, 2025 yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natija 229 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Bu tadbirlar “samaradorlik indekslari asosida korxonalar faoliyatini baholash Nizomi”ga muvofiq muntazam ravishda amalga oshiriladi. Navbatdagi baholash 2025 yilning III choragi yakuniga belgilangan.