2 833 ta yangi ish o‘rni: “O‘zbekneftgaz”dagi islohotlarning amaliy natijasi
"O‘zbekneftgaz" AJda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari yagona maqsadga — samarali va raqobatbardosh kompaniyani shakllantirishga qaratilgan. Bu yo‘nalishda tashkiliy tuzilmalar takomillashtirilib, boshqaruv tizimi optimallashtirilmoqda. Bir-birini takrorlovchi va samarasiz shtat birliklari maqbullashtirilib, mehnat unumdorligini oshirish hamda resurslardan samarali foydalanishga xizmat qiluvchi zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etilmoqda.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar va yangi ishlab chiqarish loyihalari nafaqat tarmoq samaradorligini oshirish, balki aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Xususan, Sho‘rtan, Muborak va Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida maxsus qo‘riqlash xizmatlarining tashkil etilishi hisobiga 625 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida yangi siquv kompressor stansiyalarining ishga tushirilishi esa 123 nafar mutaxassisning doimiy ish bilan ta’minlanishi uchun imkoniyat bo‘ldi.
Shuningdek, "Neftgazmontaj" MCHJning "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufiga o‘tkazilishi, korxona faoliyati va ish hajmining kengayishi natijasida 992 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Yana bir muhim qadam sifatida tashkil etilgan "UNG Burg‘ilash" korxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hisobidan 1 093 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Natijada, amalga oshirilgan islohotlar va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga tizimda jami 2 833 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Bu raqamlar bir muhim haqiqatni ko‘rsatadi: transformatsiyaning mohiyati ish o‘rinlarini qisqartirish emas, balki boshqaruvda samaradorlikni oshirish bilan bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy ish o‘rinlarini yaratishdan iborat.
Ya’ni, samarasiz va takrorlanuvchi vazifalar maqbullashtirilar ekan, ishlab chiqarish ehtiyoji yuqori bo‘lgan yangi yo‘nalishlarda minglab ish o‘rinlari tashkil etilmoqda.