September 29

Konlardagi haqiqiy holatni o‘rganish — qazib chiqarish va kuz-qishga tayyorgarlikda muhim omildir

Bugun "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida maxsus ishchi guruh tomonidan Muborak hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarining quyi bo‘g‘inlari, konlardan tortib kompressor stansiyalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari tahliliga bag‘ishlandi.

Jumladan, Muborak va Sho‘rtan boshqarmalarida ayrim kon boshliqlariga bir nechta kon va obyektlarni bir vaqtda boshqarish yuklangani tanqid qilinib, mehnat resurslarini qayta ko‘rib chiqish, takrorlanuvchi shtat birliklarini maqbullashtirish orqali bo‘shaydigan resurslarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Boshqaruv raisi tomonidan konlarda avariyalarga yo‘l qo‘ymaslik, tabiiy pasayishni jilovlash va belgilangan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ta’minlash quyi bo‘g‘in rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, mehnat natijasiga qarab bir xil yondashuv asosida haq to‘lash amaliyotini qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Keyingi yig‘ilishlarda kon boshliqlarining bevosita ishtirok etishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Konlarda ishlash uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida ham amaliy choralar ko‘rilayotgani qayd etildi. Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga konlarda harakatlanish va ish jarayonlarini ta’minlash uchun avtotransport vositalarini xarid qilish holati yuzasidan mas’ullardan so‘raldi.

Shuningdek, yig‘ilishda ishchi guruhlar o‘rganishlari natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bilan birga, kuz-qish mavsumida uzluksiz ishlash uchun zarur infratuzilmani tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.


Boshqarmalarda mavjud nasoslar, texnologik liniyalar va boshqa ishlab chiqarish obyektlarini mavsumga shay holatga keltirish, yog‘ingarchiliklar boshlanishidan oldin konlarga olib boruvchi yo‘llarni tayyorlash ishlarini yakuniga yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida joylarga chiqib o‘rganishlar natijasida 307 ta chora-tadbir shakllantirilgan. Ularning har biri bo‘yicha ijroni ta’minlash, mas’ullarni belgilash va natijadorlikni nazorat qilish topshirildi.

Shu bilan birga, ushbu boshqarmalarda texnik tadbirlar uchun reja qilingan mablag‘larni o‘zlashtirish talab darajada emasligi tanqid qilindi. Bunda ajratilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va maqsadli o‘zlashtirish, ularni, eng avvalo, qazib chiqarish barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan ishlarga yo‘naltirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

O‘rganishlar davomida Muborak boshqarmasi tasarrufidagi chekka hududlarda foydalanilmayotgan obyektlar ham aniqlangan. Bunday obyektlarni saqlash bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarni kamaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda 9 oy davomida burg‘ilangan quduqlar, ulardan olingan natijalar, shuningdek, burg‘ilanganiga qaramay gaz olish imkoni bo‘lmagan quduqlar holati ham tahlil qilindi.
Bunda har bir quduq bo‘yicha natijaga ta’sir qilgan omillarni chuqur o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va keyingi burg‘ilash ishlarida xulosalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Xitoy kompaniyalari bilan tuzilgan shartnoma asosida keltirilgan 8 ta burg‘ilash uskunasi ishlatilayotgani, qolgani ham yetib kelishi haqida axborot berildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, joylardagi o‘rganishlar Gazli hamda Ustyurt boshqarmalarida ham olib boriladi. Bu hududlarda ham qazib chiqarish jarayonlari, mavjud muammolar, infratuzilma va texnika holati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda qazib chiqarish barqarorligi kompleks tahlil qilinib, natijasi bo‘yicha alohida chora-tadbirlar shakllantiriladi.

Yig‘ilish yakunida "Mustaqillikning 25 yilligi" konida avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham ko‘rib chiqildi. Belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi, mavjud muammolar va ularni tezkor hal etish masalalari tahlil qilindi.

Avariya hududidagi ishlarni zarur texnika va uskunalar bilan ta’minlash maqsadida Xitoydan yetkazib berilayotgan burg‘ilash uskunalari hamda zarur texnikalar ortilgan 238 ta yuk avtomobili yo‘lga chiqqani haqida ma’lumot berildi. Ularning harakati va belgilangan manzilga yetib borishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni oldindan hal etish, ularni qabul qilish va ishga jalb etish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha muammoni joyida aniqlash, aniq muddat va mas’ulni belgilash, keyin esa natijani talab qilish tamoyil ustuvor ekani belgilab berildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati