Ishchilar ahvoli qanday? Ularni nimalar qoniqtirmayapti?
Neft va gaz sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mazkur tizimdagi neft va gaz quduqlari, kompressor stansiyalari va milliardlab so‘mlik yirik zavodlar qatori og‘ir iqlim sharoiti, jazirama issiq, qum bo‘ronlar ostida mehnat qilayotgan insonlar uning eng katta boyligidir.
Shu bois, Jamiyat boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning xalqchil siyosati natijasida ishchilar sharoitini yaxshilash, ular uchun xavfsiz mehnat muhitini yaratish, munosib yashash sharoitlarini ta’minlash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalasi kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ishlab chiqarish va ma’muriy binolarda qulay muhitni yaratish, ovqatlanish sifatini yaxshilash hamda ijtimoiy obyektlarni zamonaviy talablar asosida qurish shular jumlasidan.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Ustyurt” neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hududida joylashgan qator obyektlarda jamoatchilik nazorati tashkil etilib, jamoa shartnomasining ijrosi o‘rganildi.
Tumanlardagi 10 ta obyektda jumladan, kondensat quyish estakadasi, “Arslon”, “Surgil” hamda “Shimoliy Berdaq” koni, “Sharqiy Berdaq” va “Urga” siquv kompressor stansiyalari (SKS), GKTQ, “Uchsoy” ishchilar yotoqxonasi hamda yangidan barpo etilayotgan “Uchsoy” shaharchasida atroflicha o‘rganishlar olib borildi.
Natija ayrim mas’ul rahbarlar va xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan beparvolik natijasida yig‘ilib qolgan muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Obyektlarning aksariyatida eng oddiy talablar ham bajarilmagan. Ko‘plab binolar va yotoqxonalarning peshtoq qismida obyekt nomi ko‘rsatilmagan. Bir qarashda ahamiyatsiz bo‘lib ko‘ringan bu holat, aslida, ichki intizom va tartibga bo‘lgan munosabatning o‘ziga xos ko‘rsatkichidir. Ayrim ijtimoiy obyektlar uzoq vaqt davomida ta’mirlanmagan. Havo muzlatkichlari ishlamaydi, xonalarning sanitariya holati talab darajasida emas, yuvinish xonalari va hojatxonalardagi jihozlar eskirgan yoki umuman yaroqsiz holga kelib qolgan.
Suv isitish vositalari yetishmagani sababli xodimlar qo‘lbola sharoitlarda yuvinish joylarini tashkil qilishga majbur bo‘lgan. Bu esa sanitariya talablarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelgan.
Cho‘l hududlarda joylashgan obyektlarda xavfsizlik choralari yetarli darajada ta’minlanmagani aniqlandi. Ayrim vagon-yotoqxonalarning atrofi himoya panjaralari bilan o‘ralmagan. Bu esa nafaqat mol-mulk, balki inson hayoti uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Joriy yilning boshida quturgan tulkining vagon-yotoqxona hududiga kirishga uringani bu xavfning naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
Shuningdek, obyektlarda ilon va zaharli hasharotlar chaqishiga qarshi zardoblar ham yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi. Mavjud dori vositalari belgilangan tartibga zid ravishda oddiy shkaflarda saqlangan. Bu esa favqulodda holat yuz bergan taqdirda, inson hayotini saqlab qolish imkoniyatini keskin kamaytirishi mumkin.
O‘rganishlar davomida yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘plab kamchiliklar ham aniqlandi. Ayrim obyektlarda o‘t o‘chirish vositalarining yo‘qligi, mavjudlarining bir qismi esa sinovdan o‘tkazilmagani ma’lum bo‘ldi. Ba’zi joylarda esa yong‘inga qarshi shitlar ishchilar yashaydigan hududdan 150–200 metr uzoqlikda joylashtirilgan.
Yotoqxonalarda mobil qurilmalarni yostiqlar ostida yoki yonida quvvatlash odatiy holga aylangan. Elektr uzaytirgichlarining tarmoqdan uzilmasdan qoldirilishi esa yong‘in xavfini yanada kuchaytirmoqda. O‘rganish yakuni bilan mazkur kamchiliklar ham bartaraf etildi.
Tekshiruvlar davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarida ham jiddiy nuqsonlar borligi ma’lum bo‘ldi. Ayrim yotoqxonalarda isitish tizimlari ishdan chiqqan. Ba’zi joylarda esa hanuzgacha eski turdagi pechkalardan foydalanilmoqda. Qimmati milliardlab so‘m bo‘lgan dizel generatorlarining yomg‘ir, qor va issiq havo ta’sirida ochiq holda saqlanayotgani aniqlandi. Vaholanki, ularni tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun juda kam mablag‘ talab qilinar edi.
Ovqatlanish sifati masalasi ham alohida o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, oziq-ovqat ta’minoti autsorsing asosida tashkil qilingan. Biroq, bu tizim kutilgan natijani bermayotgani kuzatilgan. Ishchi-xodimlar bilan gaplashilganda issiq ovqat sifati bo‘yicha ko‘plab e’tirozlar bildirildi.
Asosiy muammolardan biri mahsulotlarning Buxoro viloyatidan yetkazib berilishi bilan bog‘liq bo‘lib, uzoq masofa tufayli mahsulotlarning sifati yomonlashgan. Oshxonalarda sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilinmagan. Ovqat tayyorlash joylari, idish-tovoqlarni yuvish xonalari va oshxona jihozlari talablarga javob bermaydi. Eng tashvishli holatlardan biri sifatida oshxona xodimlarining o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani qayd etildi. Bundan tashqari, tasdiqlangan taomnomalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani, sariyog‘ o‘rniga margarin ishlatilgani ham aniqlandi.
O‘rganishlar yana bir muhim muammoni yuzaga chiqardi. Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, boshqarma tasarrufida 90 ta yotoqxona va 424 ta yotoq o‘rni mavjudligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, amalda ularning soni 115 ta yotoqxona va 430 ta yotoq o‘rnini tashkil etgan. Shuningdek, beshta yotoqxona kapital ta’mirga muhtoj ekani, yana uchta yangi yotoqxona qurilishi lozimligi ma’lum bo‘ldi.
“Surgil” siquv kompressor stansiyasi hududida 70 o‘rinli yotoqxona qurilishi yarim yo‘lda qolib ketgan.Kondensat quyish estakadasida ham qo‘shimcha yotoqxona qurilishi yakunlanmagan.“Uchsoy” ishchilar yotoqxonasidagi holat alohida e’tibor talab qiladi. 70 nafar xodim uchun mo‘ljallangan yotoqxonada tekshiruv vaqtida 165 nafar kishi yashayotgani aniqlandi.
Bundan tashqari, suv tozalash filtrlari, ovqatlanish anjomlari va boshqa jihozlar ham yangilanishi lozimligi ma’lum bo‘ldi. Xizmat safari davomida ishchi-xodimlar bilan yuzma-yuz va dildan suhbatlar tashkil etildi. Muloqotdarda ularning mehnat sharoitlari, yashash muhiti, ovqatlanish sifati, tibbiy xizmat, transport ta’minoti, xavfsizlik masalalari va kundalik hayotda duch kelayotgan muammolari tinglandi.
Eng muhimi, xodimlar o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalarni ochiqchasiga bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Chunki ko‘pincha rasmiy hisobotlarda aks etmaydigan haqiqatni oddiy ishchining o‘zi aytib beradi. Biz ishchilar bilan faqatgina uchrashmadik, balki ularning dardini eshitdik. Chunki mehnatkash insonning kayfiyatini hech qanday hisobot, hech qanday raqam va hech qanday taqdimot to‘liq ifodalay olmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi inson manfaatlarini himoya qilish, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal etish uchun amaliy mexanizmlarni ishga tushirishdan iborat. Shuning uchun ham har bir rahbar o‘z faoliyatini kabinetdagi hisobotlar bilan emas, balki ishchilar yashaydigan yotoqxonalar, ular ovqatlanadigan oshxonalar va mehnat qiladigan ish joylarining haqiqiy ahvoli bilan baholashi lozim.
Habibulla Azizov Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi o‘rinbosari