Yesterday

“O‘zbekneftgaz” AJ korporativ boshqaruv bo‘yicha eng ilg‘or kompaniyalardan biri deb topildi

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti huzurida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) ko‘magida faoliyat yurituvchi "Chapter Zero Uzbekistan" xalqaro tashkilotning tashkil etilganiga uch yil to‘lishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, ESG — Environmental, Social and Governance (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillarini keng joriy etish, iqlim xatarlarini boshqarish hamda korporativ shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, korporativ boshqaruv monitoringining so‘nggi natijalari e’lon qilinib, yuqori natijalarga erishgan kompaniyalar taqdirlandi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ korporativ boshqaruv samaradorligi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan. Bu natija Jamiyatda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini izchil joriy etish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, kuzatuv kengashi faoliyati samaradorligini oshirish hamda ESG tamoyillarini boshqaruv jarayonlariga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasidir.

Qayd etish joizki, "Chapter Zero Uzbekistan" Markaziy Osiyoda tashkil etilgan ilk mintaqaviy tashkilot (Chapter) sifatida bugungi kunda global "Chapter Zero Alliance" xalqaro tarmog‘ining faol a’zolaridan biri hisoblanadi. Tashkilot mamlakatimizda korporativ boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, kompaniyalar kuzatuv kengashlarining salohiyatini oshirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini keng ommalashtirishga xizmat qilib kelmoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati