May 6

Sho‘rtan gaz kimyo majmuada hosil bo‘lgan sanoat chiqindilarining 92 foizi qayta ishlandi

Majmuada o‘tgan yil davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan qator muhim amaliy tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Prezident va hukumatning tegishli qarorlari ijrosi doirasida etilen ishlab chiqarish bo‘limidagi piroliz pechidan atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlanmalarni uzluksiz nazorat qilish uchun zamonaviy avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatildi. Ushbu tizim orqali tashlanmalarni doimiy nazorat qilish imkoniyati yaratildi hamda u Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita tasarrufidagi yagona geoma’lumotlar bazasiga onlayn integratsiya qilindi.

Shuningdek, oltingugurt olish qurilmasida katalizator almashtirilib, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar hajmi belgilangan me’yorlarga nisbatan 29,9 foizga kamaytirildi.

Suv resurslarini tejash borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, past bosimli bug‘ va bug‘ kondensatini qayta ishlash orqali 25 088 m³, shuningdek, 64 685 m³ tozalangan maishiy oqova suvlardan sug‘orish maqsadida foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Natijada ishlab chiqarish jarayonidagi oqova suvlar hajmi belgilangan me’yorga nisbatan 42,6 foizga qisqartirildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, majmuada hosil bo‘lgan sanoat chiqindilarining 92 foizi, ya’ni 1 887 tonnasi qayta ishlashga yo‘naltirilib, O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi orqali realizatsiya qilindi. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 5,2 foizga oshgani qayd etildi.

Majmua atrofida barpo etilgan daraxtzorlar maydoni 496 gektarni tashkil etmoqda. 2025-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 37 877 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘” hududida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan maydon 255 gektarga yetkazildi.

2026-yilda ham ekologik tadbirlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Jumladan, sanoat oqova suvlarini chuqur qayta tozalash orqali ulardan sug‘orish maqsadida foydalanishni kengaytirish, suv tejamkorligini oshirish hamda atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida statsionar manbalarga avtomatik gaz analizatorlarini o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, sanoat chiqindilarini qayta ishlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni joriy etish rejalashtirilgan.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Matbuot xizmati