Yesterday

108,3 milliard so‘mlik zarar o‘rniga 25,2 milliar foyda: neft bazalar ilk bor sof foydaga chiqdi

Yillar davomida yo‘qotishlar, talon-torojlik va surunkali moliyaviy zararlar neft bazalar tizimining eng og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib kelgan. Yil boshida "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi neft bazalarning atigi uchtasi foyda bilan ishlagan.

Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan belgilangan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilishi va ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilganligi natijasida joriy 9 oylikda foyda bilan ishlayotgan bazalar soni 13 taga yetdi. Eng muhimi, o‘tgan yilning mos davridagi 108,3 milliard so‘mlik zarar o‘rnini 25,2 milliard so‘m sof foyda egalladi. Bundan tashqari, Neft bazalar tarixida ilk bor qayd etilgan bu natija tizimdagi islohotlar amalda moliyaviy samara berayotganini ko‘rsatdi.

Boshqaruv Raisi Abdug‘ani Sanginov topshirig‘iga binoan Boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Xudoyberganov boshchiligida “Kuchlik neft bazasi” MCHJda amaliy seminar va 9 oylik yakunlari sarhisob qilinib, yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda kelgusi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu keskin burilishni ta’minlagan omillar atroflicha tahlil qilinib, erishilgan natijalarni mustahkamlash hamda yil yakuniga qadar va kelasi yilda bajarilishi shart bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Kunlik savdo hajmi qariyb besh baravar oshdi

Hisobot davrida neft bazalar orqali 191 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘p bo‘lib, tizimdagi savdo faolligi sezilarli oshganini ko‘rsatadi. AYOQSHlardagi kunlik savdo hajmi esa yil boshidagi 245 ming litrdan 1 million 237 ming litrga yetdi — qariyb besh baravar o‘sish qayd etildi. Tarmoqdagi o‘zgarishlar ham bu sur’atni qo‘llab-quvvatladi.

121 ta FYOTSH zamonaviy AYOQSHga aylantirildi, 56 ta shoxobchaga 87 ta yangi yoqilg‘i tarqatish uskunasi o‘rnatildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi kreditor qarzdorlik 296,7 mlrd so‘mga, iste’molchilarning debitor qarzdorligi 56,8 mlrd so‘mga qisqartirildi.

Videokuzatuv va raqamli nazorat: 60 ta AYOQSH qamrab olindi

Abdug‘ani Sanginov yil boshida boshlagan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri neft bazalardagi savdo va hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda korrupsiyaviy xavflarni cheklashdan iborat edi. Shu maqsadda 60 ta AYOQSH videokuzatuv tizimi bilan ta’minlanib, ularning 10 tasi Markaziy apparatda tashkil etilgan vaziyatlar markaziga integratsiya qilindi, qolganlarida ham raqamlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Markazdan to‘g‘ridan to‘g‘ri nazorat qilish mahsulot harakati va savdo hisobini shaffof yuritish, qoidabuzarliklarning oldini olish hamda har bir operatsiya uchun mas’uliyatni oshirish imkonini bermoqda. Natijada boshqaruvda subyektiv qarorlar ta’sirini kamaytirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va tizimda sog‘lom ish muhitini shakllantirish uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Ustuvor vazifalar va yangi natijalar:
Neft bazalar faoliyatida yangi natijalarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Jumladan,
- AYOQSHlar orqali kunlik mahsulot sotish hajmini oshirish;
- mahsulot sotish hajmini oshirish va iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida, mavjud AYOQSHlarni yangi tanlangan dizayn ko‘rinishida bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish ishlarini tashkillashtirish;
- neft bazalarni hamda AYOQSHlarni to‘liq raqamlashtirish, bunda elektron temir yo‘l vagon tarozilarini, sath va zichlikni o‘lchash shuningdek, yonilg‘i tarqatish uskunalarini hamda aqlli kuzatuv kameralarini o‘rnatish va 1С-dasturiga integratsiya qilish.