October 23

Quduqlar imkoniyati — qish mavsumi uchun tayanch

Qishga tayyorgarlik konlardagi har bir quduq, gaz quvuri va kompressor stansiyasining barqaror ishlashi bilan bog‘liq. "O‘zbekneftgaz" AJda 2026/2027 yillar kuz-qish mavsumi oldidan yangi quduqlarni burg‘ilash, mavjudlarini ta’mirlash va ishlab chiqarish infratuzilmasini tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda. Maqsad — tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini saqlab qolish va iste’molchilarni uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladigan imkoniyatlarni safarbar etish.

Bu yo‘nalishda 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida 152 ta geologik-texnik tadbir amalga oshirildi: 80 ta yangi quduq burg‘ilandi, mavjud 35 ta quduqda murakkab ta’mirlash ishlari bajarildi va 37 ta texnologik tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, mavjud qazib chiqarish hajmini saqlash uchun 554 ta quduqda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari bajarildi. Gaz quvurlarida montaj hamda rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Yilning to‘rtinchi choragida ham asosiy e’tibor quduqlar imkoniyatidan samarali foydalanishga qaratiladi. Oktyabr–dekabr oylarida tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish va mavjud hajmni saqlab qolish uchun Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 307 ta, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida esa 81 ta banddan iborat chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ular burg‘ilash, ta’mirlash va texnologik ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlashni qamrab oladi.

Har bir kondagi ishlar geologik va geofizik tadqiqot natijalari, siquv kompressor stansiyalarining ko‘rsatkichlari hamda boshqa tahliliy ma’lumotlar asosida belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bunda ishlatilayotgan quduqlar sonining asossiz kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik, joriy ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini jadallashtirish rejalashtirilgan. Burg‘ilash va mukammal ta’mirlash jarayonlarini zarur material-texnik resurslar bilan o‘z vaqtida ta’minlash masalasi ham alohida ko‘rib chiqiladi.

Mavjud quduqlar bilan ishlash barobarida, xomashyo bazasini ta’minlashga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari ham rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar Buxoro–Xiva mintaqasidagi 6 ta maydonda 8 400 kvadrat kilometr hududni qamrab oluvchi 3D seysmik qidiruv ishlari bajariladi. Bu ishlar Muborak va Sho‘rtan hududlaridagi gazni qayta ishlash zavodlarining xomashyo bazasini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Qazib chiqarish infratuzilmasini tayyorlash ham ushbu ishlarning muhim qismi. "Zevarda", "O‘rtabuloq" va "Ko‘ltak" konlariga 23 ta kichik kompressor blokini yetkazib kelish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va ularni ishga tushirishga tayyorlash rejalashtirilgan. Uskunalarni qabul qilishdan tortib quvurlarni ulash, elektr ta’minotini tashkil etish va mutaxassislarni jalb qilishgacha bo‘lgan jarayonlar o‘zaro muvofiqlashtiriladi.

Ishlarning yana bir yo‘nalishi — qazib chiqarish jarayonlarini tezkor kuzatish imkoniyatini tiklashdan iborat. "E-kon" tizimiga ma’lumotlarni barqaror uzatish uchun Muborak boshqarmasidagi 877 ta va Sho‘rtan boshqarmasidagi 517 ta, jami 1 394 ta nosoz datchik o‘rniga zarur datchiklar bosh pudratchi “O‘zLITIneftgaz” AJ tomonidan keltirilib o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, siquv kompressor stansiyalarida avtomatik boshqaruv va nazorat-o‘lchov tizimlarini sozlash, ehtiyot qismlar ta’minotini yaxshilash hamda avariyaviy to‘xtashlarni qisqartirish ishlari belgilandi.

Ushbu ishlarning barchasi aniq rejaviy ko‘rsatkichlarga qaratilgan bo‘lib, to‘rtinchi chorakda Muborak boshqarmasida 1 937,8 million kub metr, Sho‘rtan boshqarmasida esa 1 602,9 million kub metr tabiiy gaz qazib olishni ta’minlash maqsad qilingan. Quduqlarni ta’mirlashdan infratuzilmani tayyorlashgacha bo‘lgan bu ishlar yagona maqsadga — kuz-qish mavsumida gaz qazib chiqarish barqarorligiga yo‘naltirilgan.

"O‘zbekneftgaz" AJ Anborot xizmati