Boqimandalik o‘tmishda qoldi: neft bazalar iqtisodiy samaradorlik yo‘lida
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida neft bazalar tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar hamda ikkinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda yil boshidan boshlangan tizimli islohotlarning dastlabki natijalari tahlil qilinib, neft bazalar faoliyatini eski boshqaruv usulidan iqtisodiy samarador, bozor mexanizmlari va natijaga yo‘naltirilgan yangi tizimga o‘tkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida neft bazalar tomonidan jami 98,8 ming tonna neft mahsuloti realizatsiya qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 129 foizni tashkil etdi. 14 ta neft bazadan 11 tasi faoliyatini 12,3 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Shtat birliklari 22,3 foizga optimallashtirildi, samarasiz 119 ta FYOTSH to‘liq demontaj qilinib, 14,9 gektar yer maydoni hokimliklar zaxirasiga qaytarilib 2,7 mlrd so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi. Elektron savdolar orqali 15 ta foydalanilmayotgan obyekt 28,3 mlrd so‘mga sotildi.
Biroq tahlillar ayrim neft bazalarda mahsulot sotish hajmini oshirish, AYOQSHlar salohiyatidan samarali foydalanish va daromadlilikni ta’minlash bo‘yicha ish uslubi hanuz eskicha qolayotgani, ularda boqimandalik kayfiyati sezilib turgani tanqid qilindi.
Xususan, sotish hajmlarining pasayishi, AYOQSHlar orqali kunlik chakana savdo rejasining bajarilmayotgani, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi bir necha milliard so‘mlik qarzdorlik, iste’molchilardan undirilishi lozim bo‘lgan 330 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik holatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, mahsulot realizatsiyasining pasayishi, zarar bilan ishlashi, AYOQSHlar salohiyatidan to‘liq foydalanilmagani hamda berilgan topshiriqlar ijrosining ta’minlanmagani, boshqaruvda kamchiliklar saqlanib qolayotgani sababli Guliston neft bazasi rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Kuchlik, To‘raqo‘rg‘on neft bazalari rahbarlari hamda bosh buxgalter, iqtisodchilaridan holat yuzasidan tushuntirish xatlari olinishi va Andijon neft bazasi rahbariga oxirgi marotaba ogohlantirish berilishi topshirildi.
Boshqaruv raisi endilikda har bir neft bazasi o‘z xarajatini o‘zi qoplaydigan, bozor talabidan kelib chiqib ishlaydigan va Jamiyatga iqtisodiy samara keltiradigan mustaqil biznes birligi sifatida faoliyat yuritishi shartligini alohida qayd etdi.
Yig‘ilishda birinchi yarim yillikni sof foyda bilan yakunlagan neft bazalar xodimlarining ish haqi 1 avgustdan oshirilishi bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Shuningdek, foyda bilan ishlayotgan AYOQSH operatorlari uchun KPI asosida har oylik ish haqining 50 foizigacha qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi aytildi. «Mehnatga haq to‘lash endi moliyaviy natija va samaradorlik bilan uzviy bog‘lanadi» - dedi boshqaruv raisi.
Yig‘ilishda shuningdek, yil oxirigacha sig‘imlarni mukammal ta’mirlash, neft bazalardagi yaroqsiz, ma’nan eskirgan transport vositalarini sotish va hisobdan chiqarish, sotishdan tushgan mablag‘larni esa yangi transport vositalarini sotib olishga yo‘naltirish, Buxoro zavodini raqamlashtirish, sig‘imlarga kameralar o‘rnatish shuningdek, mijozlarga sifatli mahsulotlar yetkazib berish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, islohotlar sharoitida rahbar faqat jarayonni boshqarishi emas, balki aniq iqtisodiy natija uchun shaxsan javob berishi lozim.
Yig‘ilish yakunida AYOQSHlarni rekonstruksiya qilish, mahsulot realizatsiyasini yilning ikkinchi yarmida kuniga 1,5 million litrga yetkazish, operatsion xarajatlarni qisqartirish, qarzdorliklarni kamaytirish, yil yakuniga qadar barcha AYOQSHlarni yangi namunaviy dizaynda rekonstruksiya qilish hamda to‘liq raqamlashtirishni yakunlash, uchinchi chorakda 12 ta FYOTSHni AYOQSHga aylantirish hamda aylanma mablag‘larni shakllantirishga yo‘naltirish, boshqaruvning zamonaviy iqtisodiy modelini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.