August 7

Topshiriqlar ijrosi ta’minlanmoqda

Qonunlar, Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda belgilangan topshiriqlar ijrosi va hisobdorlikni ta’minlash, rahbar va xodimlarning ijro intizomiga qat’iy rioya etish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyati, javobgarligini yanada oshirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida nazoratga olingan Prezidentning 312 ta hujjatida Jamiyatga tegishli 1 208 ta topshiriq bo‘lib, shundan 1 021 tasi (84,5%) bajarilgan, 187 tasi (15,5%) bajarilmoqda. Ijro muddati joriy yil iyul oyida nazoratda turgan 21 ta topshiriq bo‘lib, ular ijrosi to‘liq ta’minlandi.

Vazirlar Mahkamasining “Ijro.gov.uz”da nazoratga olingan 256 ta hujjatida Jamiyat masalalariga oid 603 ta topshiriq bo‘lib, shundan bugungi kunda 575 tasi (95,4%) bajarilgan, 28 tasi (4,6%) bajarilmoqda. Ijro muddati joriy yil iyul oyida nazoratda turgan 16 ta topshiriqning barchasi ijrosi ta’minlandi.

Shuningdek, Energetika vazirligida ijro intizomini mustahkamlash, qonunlar, Prezident va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari hamda topshiriqlarining ijrosini o‘z vaqtida, sifatli bajarish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda Adliya vazirligi, Energetika vazirligi markaziy apparati, yoqilg‘i-energetika sohasidagi korxonalar, jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ mutasaddilari hamda boshqarma va zavod mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Unda davlatimiz rahbarining 2025 yil 25 iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyati, ijro intizomini sifatli ta’minlash borasida amalga oshiriladigan vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Seminar yakunida “Ijro.gov.uz” elektron tizimidagi muammolar bevosita ijrochilar bilan muhokama qilindi hamda birgalikda tizimni takomillashtirib borishga kelishib olindi.

Bu kabi o‘quvlar ijro intizomini yanada mustahkamlash, soha korxonalarida tashkiliy-huquqiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati