Neft-gaz sohasidagi xalqaro tanlov ilk bor O‘zbekistonda start oldi
Bugun Andijonda "O‘zbekneftgaz" AJ mezbonligida Rossiya neft-gaz kompaniyalar guruhi “Eng yaxshi kasb egasi” korporativ tanlovining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi tanlovning tarixiy ahamiyati shundaki, u ilk bor Rossiya hududidan tashqarida — O‘zbekistonda, “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida “ANDIJANPETRO” MCHJ qo‘shma korxonasida o‘tkazilmoqda.
Tanlovning O‘zbekistonda tashkil etilishi “O‘zbekneftgaz” AJning xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ilg‘or korporativ tajribani o‘zlashtirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik siyosatining amaliy natijalaridan biridir.
Marosimda ta’kidlanganidek, bu kabi kasbiy bellashuvlar xodimlarning nazariy bilimi va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish bilan birga, tajriba almashish, ilg‘or ish usullarini ommalashtirish, mehnat madaniyati va xavfsiz mehnat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
12-marta o‘tkazilayotgan korporativ tanlovda bu yil “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi ilk bor ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar neft va gaz qazib chiqarish operatori, texnologik qurilmalar operatori, slesar-ta’mirchi, elektrgazpayvandchi, kimyoviy tahlil laboranti, texnolog, geolog, burg‘ilash va quduqlarni ta’mirlash bo‘yicha muhandis kabi 11 ta nominatsiyada kuch sinashadi.
22–23 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan bellashuvning nazariy va amaliy bosqichlarida ishtirokchilardan nafaqat chuqur kasbiy bilim, balki aniqlik, tezkor qaror qabul qilish, xavfsiz mehnat talablariga qat’iy rioya etish va jamoada samarali ishlash ko‘nikmalari talab etiladi.
Eng muhimi, tanlov doirasida orttiriladigan tajriba “O‘zbekneftgaz” tizimida ishlab chiqarish samaradorligi, mehnat unumdorligi va kasbiy mahoratni yanada oshirishga xizmat qiladi.