September 10

“Asia Trans Gas” faoliyati va qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim masalalar ko‘rib chiqildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoyning "Trans-Asia Gas Pipeline Company Limited" (TAPLine) Direktorlar kengashi raisi Chjan Szyachjen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, istiqboldagi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida “O‘zbekneftgaz” AJ va Xitoy davlat neft-gaz korporatsiyasi “CNPC” o‘rtasidagi sheriklik izchil rivojlanib borayotgani, bunda har ikki kompaniya rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar “TAPLine” kompaniyasini “Asia Trans Gas” qo‘shma korxonasi faoliyati doirasida ishonchli va uzoq yillik hamkor sifatida e’tirof etdilar.

Muzokaralarda “Asia Trans Gas” qo‘shma korxonasi kuzatuv kengashi tarkibi va ichki nizomlarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, qo‘shma korxonani “Birinchi darajali kompaniya” sifatida rivojlantirish tashabbusi, aksiyadorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, foydani taqsimlash yuzasidan fikr almashildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan bugungi kundagi ustuvor vazifalarni inobatga olgan holda, ayrim tashabbuslar bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik, xarajatlar va amalga oshirish muddatlarini qo‘shimcha ravishda chuqur o‘rganish zarurligi bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma korxona faoliyati samaradorligi hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati