Gazni ko‘paytirish bo‘yicha har bir chora-tadbir shaxsiy nazoratimda - A.Sanginov
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligida tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari, geologik-texnik tadbirlar ijrosi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy hamda suyultirilgan gazga bo‘lgan talabi ortib borayotgani inobatga olinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Oktyabr oyi boshidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Jamiyatda kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 1,6 million kub metrga oshirilgani qayd etildi. Boshqaruv raisi bu ko‘rsatkich muayyan o‘sishga erishilganini ko‘rsatsa-da, ayrim neft va gaz boshqarmalarida avval kamaygan qazib chiqarish hajmlarini tiklash bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganini tanqid qildi.
Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Muborak, Sho‘rtan, Gazli va Ustyurt boshqarmalari faoliyati maxsus ishchi guruh tomonidan tahlil qilindi. Natijada to‘rtinchi chorakda gaz qazib chiqarish sur’atlarini barqarorlashtirishga qaratilgan jami 477 ta banddan iborat qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Boshqaruv qarori bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, konlarda qazib chiqarishga mas’ul bo‘linmalar faoliyati qayta tashkil etildi, ularning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 124 ta shtat birligi ajratildi.
Yig‘ilishda boshqarmalar oldiga qo‘yilgan to‘rtinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish vazifasi muhokama qilindi. Buning uchun belgilangan texnik tadbirlarning borishi yuzasidan axborotlar eshitildi.
Gaz qazib chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishda yangi quduqlarni burg‘ilash, mavjud quduqlarni ta’mirlash va qo‘shimcha infratuzilmani o‘z vaqtida ishga tushirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Konlardagi kompressor stansiyalarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Burg‘ilash va quduqlarni ta’mirlash yo‘nalishida ham aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, to‘rtinchi chorakda rejalashtirilgan 40 ta quduqni burg‘ilash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, yana 2 ta quduqda burg‘ilashni boshlash, shuningdek, rejadagi 46 ta quduqni ta’mirlash, ularning 15 tasida murakkab ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vazifalari qo‘yildi.
Geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, istiqbolli tuzilmalarni tayyorlash va resurslar bazasini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlarga belgilangan vazifalarni qat’iy muddatlarda bajarish, har bir tadbirning qazib chiqarish hajmlariga ta’sirini aniq hisobga olish va ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.