Korrupsiyaga qarshi murosasiz yondashuv — “Uzbekistan GTL”da yarim yillik natijalar sarhisob qilindi
"Uzbekistan GTL" zavodida "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar va kelgusi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korporativ boshqaruvda komplayens tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar, tegishli Farmon, ISO 37001:2016 xalqaro standarti hamda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan Qonun talablarining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati prokuraturasining mas’ul xodimi ishtirok etib, "Uzbekistan GTL" MCHJda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlari, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning dolzarb ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Shuningdek, korrupsiyaviy xavflarni baholash, davlat xaridlari ustidan komplayens nazoratini kuchaytirish, sanksiya komplayensi talablariga qat’iy rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi reyting baholash yakunlariga ko‘ra, "O‘zbekneftgaz" AJ ilg‘or tashkilotlardan biri sifatida e’tirof etildi. Bu esa Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens madaniyatini mustahkamlash va korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, raqamli komplayens vositalarini keng joriy qilish, davlat xaridlari ustidan nazoratni yanada kuchaytirish hamda barcha jarayonlarda ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini izchil ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.