March 3, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Yanvar-fevral oylarida 10,6 ming tonna suyultirilgan gaz va 39,2 ming tonna oltingugurt birja savdolari orqali sotildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ zavod va boshqarmlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz va texnik oltingugurt iste'molchilarga bozor tamoyillari asosida faqat birja savdolari orqali sotilib kelinmoqda.

2023 yil yanvar-fevral oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ zavod va boshqarmalari tomonidan 64,96 mlrd so‘mlik 10,6 ming tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari tovar-xom ashyo birjasi orqali ichki bozorga sotilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 tonna ko‘p yoki o‘sish sur'ati 137,7 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, 2023 yil yanvar-fevral oylarida Jamiyat tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan 22,56 mlrd so‘mlik 39,2 ming tonna oltingugurt mahsulotlari tovar-xom ashyo birjasi orqali ichki bozorga sotildi.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan suyultirilgan gaz va oltingugurt mahsulotlarini tovar-xomashyo birjasi orqali ichki bozorga sotish natijasida jami 87,5 mlrd so‘mlik bitimlar tuzilgan bo‘lib, 2022 yil mos davriga nisbatan o‘sish sur'ati 121 foizni tashkil qildi.

Shu bilan birga, 2023 yil 6 fevraldan boshlab Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning realizatsiyasini “O‘zbekneftgaz” AJda tashkil etilgan savdo maydonchasi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Tizimda yagona tijorat siyosatini yo‘lga qo‘yish hamda markazlashgan brokerlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida 2023 yil davomida Jamiyat tizim korxonalari va boshqa sohaga oid yuridik shaxslarga ham brokerlik xizmati ko‘rsatish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan sifatli, dunyo standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, bozor tamoyillari asosida mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvini jadallashtirish va Respublikaning barcha turdagi iste'molchilariga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|facebook|instagram|telegram|