Korrupsiyaga qarshi profilaktik ishlar davom etmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti tomonidan Sho‘rtan neft va gazni qayta ishlash boshqarmasida korrupsiyaning oldini olish, xodimlarning huquqiy ongi va korrupsiyaga qarshi madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati tushuntirilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda komplayens talablariga qat’iy rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, ushbu yo‘nalishga oid huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari va amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida bu kabi profilaktik ishlarni tizimli davom ettirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini muntazam oshirish, komplayens nazorati mexanizmlarini takomillashtirish hamda tashkilotda halollik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.