Mehnatga munosib e’tirof: xodimlar uchun “Sangardak”ga sayohat tashkil etildi
“O‘zbekneftgaz” AJda xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda ularning mazmunli dam olishini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “UNG Toshkent dengizi oromgohi” MCHJ tomonidan Jamiyat va uning tizim korxonalarida ko‘p yillik samarali mehnat qilib kelayotgan, jamoat ishlarida faol ishtirok etgan hamda o‘zining halol va fidokorona mehnati bilan Jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh ishchi-xodimlar uchun Surxondaryo viloyatining go‘zal tabiat qo‘ynida joylashgan “Sangardak” dam olish maskaniga ikki kunlik sayohat tashkil etildi.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning dam olishini mazmunli tashkil etish, ularning mehnatga bo‘lgan rag‘batini yanada oshirish, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashdan iborat.
Xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy farovonligini ta’minlash va samarali mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar izchil davom ettiriladi.