Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik — xavfsizlik garovi!
Muborak gazni qayta ishlash zavodiga qarashli gaz haydash agregati qurilmasida hamkor xizmatlar bilan birgalikda yong‘in o‘chirish bo‘yicha amaliy-taktik mashg‘ulot tashkil etildi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xodimlar, qutqaruv tuzilmalari, texnik xavfsizlik va tibbiyot xizmatlarining tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatini sinovdan o‘tkazishdan iborat.
GPA-400 qurilmasi yuqori bosim ostida tabiiy gazni haydash va texnologik jarayonning uzluksizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, ehtimoliy avariya yoki yong‘in holatlarida xavfsizlik choralarini amalda tekshirish uchun aynan ushbu obyekt tanlandi.
Shartli “yong‘in” signali e’lon qilingach, voqea joyiga yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari, korxonaning texnik xavfsizlik xizmati hamda tibbiyot xodimlari yetib keldi. Xodimlar xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi, gaz tarmoqlarini avtomatik va mexanik tarzda bloklash, sovitish tizimlarini ishga tushirish hamda shartli jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotlari bajarildi.
Bunday mashg‘ulotlar xodimlarning favqulodda vaziyatlarda vahimaga berilmasdan to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi, mavjud texnika va avtomatik tizimlarning shayligini real sharoitga yaqin holatda tekshirish imkonini beradi.
Mashg‘ulot yakunida jarayon davomida erishilgan natijalar va aniqlangan jihatlar mutaxassislar tomonidan tahlil qilinib, kelgusida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.