Xalqaro bank bilan investitsiya va moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati hamda “Standard Chartered Bank” vakillari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Jamiyat tomonidan so‘nggi yillarda erishilgan moliyaviy natijalar, transformatsiya jarayonlari, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, komplayens tizimini kuchaytirish hamda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MSFO)ni to‘liq joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.
Shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va raqamli boshqaruv yechimlarini joriy qilish borasidagi amaliy chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqotda bank bilan hamkorlik, jumladan klub moliyalashtirish bitimi hamda yevroobligatsiyalar chiqarish jarayonida bankning qo‘shma yetakchi tashkilotchi (joint bookrunner) sifatidagi ishtiroki alohida qayd etildi.
Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida baholab, kompaniyani ikki tomonlama va qayta tiklanadigan (revolving) kredit liniyalari orqali moliyalashtirish hajmini oshirish, investitsiya loyihalari hamda import shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek qarz portfelini optimallashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda joriy yilda qarz mablag‘lari qiymatini pasaytirish va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarini jalb qilish kompaniya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishdi.