“Neftgazmontaj”da yangi rahbar, yangi vazifalar
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari Fozil Mahmudov bugun Jamiyat tarkibidagi “Neftgazmontaj” MCHJda yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda korxona faoliyatidagi qator tizimli kamchiliklar haqida so‘z bordi. Xususan, 2026-yilda 2 trillion so‘mdan ortiq shartnomalar rasmiylashtirilgan bo‘lishiga qaramay, birinchi yarim yillikda qurilish ishlari rejasining atigi 27 foizi bajarilgani, 220 ta obyektdan bor-yo‘g‘i 10 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangani qayd etildi.
Shuningdek, xodimlarga bir necha oy davomida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmagani, bu esa jamoada qo‘nimsizlikni kuchaytirayotgani ta’kidlandi. Ajratilgan mablag‘larga qaramay, maxsus texnika va avtotransport vositalarini ta’mirlash ishlari ham qoniqarsiz darajada bajarilgan.
Korxonada o‘tkazilgan kompleks o‘rganishlar davomida ayrim mansabdor shaxslar tomonidan amaldagi qonunchilik va moliyaviy intizom talablariga rioya etilmagani, buning oqibatida samarasiz xarajatlar, kamomadlar hamda korxonaning iqtisodiy holati yomonlashishiga olib kelgan qator salbiy holatlar aniqlangan.
Shuningdek, korxona balansidagi samarasiz aktivlar, foydalanilmayotgan obyektlar hamda yaroqsiz holatga kelgan texnika va uskunalardan oqilona foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Davlat xaridlari sohasida amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmagani, xarid jarayonlarida shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi tomonidan korxona rahbariyatiga faoliyatni tubdan yaxshilash, moliyaviy sog‘lomlashtirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar yuklatilib, uch oylik sinov muddati belgilangan edi. Biroq ushbu davr mobaynida belgilangan vazifalar to‘liq bajarilmagani sababli korxona direktori o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda Husanov Baxtiyor Rustamovich “Neftgazmontaj” MCHJ direktori lavozimiga tayinlangani e’lon qilinib, jamoaga tanishtirildi.
Yangi rahbar oldiga korxonaning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, samarasiz aktivlardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish, davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash, korporativ boshqaruvni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda “Neftgazmontaj” MCHJni qisqa muddatda barqaror va samarali faoliyat yurituvchi ilg’or korxonaga aylantirish bo‘yicha qat’iy vazifalar qo‘yildi.