Ko‘kdumaloq konidagi 6-sonli yotoqxona to`liq ta`mirlanib, foydalanishga topshirildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan, ishchi-xizmatchilar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, ularning turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda boshqarma tasarrufidagi jami 12 ta ishchilar yotoqxonasi hamda 3 ta oshxona binosi ta’mirlash dasturiga kiritilgan bo‘lib, ishlar ichki imkoniyatlar hisobidan bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Dastur doirasida dastlabki salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, “Ko‘kdumaloq” neft va gaz konlari ishchilar shaharchasidagi 6-sonli ishchilar yotoqxonasida ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanib, bino barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan holda foydalanishga topshirildi.
2012-yilda foydalanishga topshirilgan mazkur yotoqxona 9 ta seksiya va 65 ta yashash o‘rniga mo‘ljallangan. Endilikda 27 ta shinam yashash xonasi, 9 ta yuvinish xonasi, 1 ta ma’naviyat va ma’rifat xonasi hamda 2 ta oyoq kiyim almashtirish xonasi mavjud.
Ta’mirlash dasturi doirasida yotoqxonalarning umumiy sig‘imi 944 ta yashash o‘rnini, oshxonalarning umumiy sig‘imi esa 430 ta o‘rinni tashkil etadi. Ushbu keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun jami 6 mlrd 575,8 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ta’mirlash ishlari yakunlanayotgan yotoqxonalarni to‘liq foydalanishga tayyor holatga keltirish maqsadida ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettirilmoqda.
Mazkur ishlar ishchi-xodimlar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratish, ularning mehnat samaradorligi va ijtimoiy himoyasini oshirishga xizmat qiladi.