Yarim yillik oldi natijalar tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida jamiyatning 2026 yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari hamda ikkinchi yarim yillikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda jahondagi geosiyosiy jarayonlar, energetika bozoridagi o‘zgarishlar va sohada kuchayib borayotgan raqobat sharoitida ishlab chiqarish barqarorligi, moliyaviy intizom va energiya xavfsizligini ta’minlash har bir rahbarning ustuvor vazifasi ekani alohida ta’kidlandi.
Boshqaruv raisi tomonidan har bir qabul qilinayotgan qaror ishlab chiqarish hajmini oshirish, iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash va jamiyatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi shartligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil boshidan “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish korxonalarining moliyaviy faoliyati va boshqaruv mexanizmlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor jamiyatlarning daromadliligi va rentabelligini oshirish, xarajatlarni maqbullashtirish hamda moliyaviy intizomni kuchaytirishga qaratildi.
Natijada barcha tizim korxonalarida daromadlar o‘sishi ta’minlandi. Shu bilan birga, xarajatlarni qat’iy nazorat qilish va mablag‘lardan samarali foydalanish orqali korxonalarning moliyaviy barqarorligi mustahkamlanib, sof foyda ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi.
Yig‘ilishda qarz yelkasi 2025 yil yakunidagi 3,1 barobardan 2,7 barobargacha pasaytirilgani, bu esa Jamiyatning moliyaviy sog‘lomlashtirish indikatori yaxshilanganidan dalolat berishi ta’kidlandi. Shuningdek, avvalgi yillarda jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qulay shartlarda qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin so‘ndirish natijasida foiz to‘lovlarda 219 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilingani qayd etildi. Shu bilan birga debitor va kreditor qarzdorliklar bilan ishlash tizimi tubdan isloh qilinib, har bir kontragent kesimida qat’iy nazorat o‘rnatildi va natijada yil boshiga nisbatan debitor qarzdorliklar 1,2 trln so‘mga qisqartirildi. Tizimda oylik ish haqi oshirilishiga qaramay xarajatlar rejaga nisbatan 1 trln so‘mga optimallashtirildi.
Yig‘ilishda ayrim yo‘nalishlarda mavjud muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Xususan, dunyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli homashyo importi cheklanganligi bois, dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish xajmlari bajarilmagani tanqid qilinib, holat yuzasidan har tomonlama tahlil o‘tkazish, sabablarini chuqur o‘rganish hamda yil yakuni bilan erishilmagan ko‘rsatkichlarni bajarish vazifasi qo‘yildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
So‘nggi yillarda kuzatilayotgan noodatiy ob-havo sharoiti va kuchli shamollar inobatga olingan holda ishlab chiqarish obyektlarining qish mavsumida ham uzluksiz ishlashini ta’minlash, yoqilg‘i-moylash materiallari hamda avtobenzin zaxiralarini oldindan shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni jadallashtirish vazifasi belgilandi.
Energetik mustaqillikni ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, jamiyat har yili elektr energiyasi uchun katta hajmda mablag‘ sarflamoqda. Shu munosabat bilan elektr energiyasini tejash, muqobil energiya manbalaridan kengroq foydalanish va o‘z energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq dasturlar ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda neft bazalar faoliyatida erishilgan ijobiy natijalar ham alohida qayd etildi. Xususan, jamiyat tasarrufidagi 14 ta neft baza 2025-yilning birinchi yarim yilligini 36,5 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan tizimli islohotlar, sohani raqamlashtirish va samarali boshqaruv choralari natijasida joriy yilning shu davrida 250 ming tonna avtobenzin va 114 ming tonna dizel yoqilg‘isi realizatsiya qilinib, faoliyat 5,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlandi.
Shu bilan birga, erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash maqsadida Boshqaruv raisi tomonidan mahsulotlar hisobini to‘liq shaffof yuritish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, sifat nazoratini yanada qat’iylashtirish hamda talon-torojlikning oldini olish uchun neft bazalarda faoliyat yuritayotgan operatorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish haqini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Xitoy hamkorlari ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish, belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilish hamda har bir bosqich bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Gaz qazib chiqarish sohasida esa tugatilgan quduqlar fondini qayta tahlil qilish, texnik imkoniyati mavjud quduqlarni qayta ishga tushirish, geologik-texnik tadbirlarni tezlashtirish hamda yil yakuniga qadar har bir quduqning ishlash ko‘rsatkichini soatbay monitoring qilish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Gaz qazib chiqarish va qayta ishlash ko‘rsatkichlari pasayishiga yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlardan holat bo‘yicha izoh, bartaraf etish choralarini o‘zida aks ettirgan tushuntirish xatlari olinishi belgilandi.
Shuningdek, ishchilar uchun munosib sharoitlarni yaratish, jumladan yil yakuniga qadar yana 26 ta yotoqxona hamda 17 ta vagon uyini to‘liq ta’mirlab, foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan birinchi yarim yillik yakunlarini yana bir bor qayta tahlil qilish, statistik hisobotlarni shakllantirish, har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud ichki imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va ikkinchi yarim yillikda belgilangan vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.