Ilm va ayol
Shu kunlarda “Xalqaro ilm-fanda xotin-qizlar ishtiroki kuni” munosabat bilan respublika bo‘ylab ayollarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar haftaligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur forum doirasida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning yutuqlari, innovatsion ishlanmalari, startap loyihalari va ilmiy izlanishlari namoyish etildi.
Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi yetakchi muhandis-texnologi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnovoz Qorayeva “Ishlab chiqarish jarayonida ishlatilgan reagentlarni sanoatda ikkilamchi maqsadlarda foydalanish” loyihasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavod markaziy laboratoriyasi laboranti, Qarshi davlat texnika universiteti 2-bosqich magistranti Yulduz To‘xtayeva “Sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarish jarayoni va uning bugungi kundagi dolzarbligi asoslari” mavzusidagi loyihasini taqdim etdi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi transformatsiya va operatsion samaradorlik xizmati mutaxassisi, Qarshi davlat texnika universiteti mustaqil izlanuvchisi Nasiba Abdurahmonova esa “Oqova suvlarning ikkilamchi issiqligini geliokonsentratorli utilizatsiya qilish tizimini ishlab chiqish (SHGKM MCHJ misolida)” loyihasi bilan qatnashdi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari ishtirokida ma’ruzalar, tajriba almashish, ochiq muloqot va muhokamalar tashkil etildi. Faol ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.