Yarim yillik natijalar sarhisobi: barqarorlik, samaradorlik va yangi ustuvor vazifalar belgilandi
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari S.Xamrayev ishtirokida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Dastlab, majmuaning olti oylik ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy faoliyati har tomonlama tahlil qilinib, erishilgan natijalar hamda mavjud masalalar muhokama etildi. Xususan, ishlab chiqarish reja-topshiriqlarining bajarilishi, moliyaviy ko‘rsatkichlar, texnologik jarayonlar samaradorligi hamda korxonaning barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilishda mahsulot tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish hamda resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, transformatsiya va operatsion samaradorlik yo‘nalishidagi chora-tadbirlarni jadallashtirish, mazkur jarayonlar natijadorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, majmua tarkibidagi ulush kiritilgan tashkilotlar faoliyati ham muhokama qilinib, ularni bosqichma-bosqich mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektlar sifatida faoliyat yuritishga o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida joriy yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilangan reja-topshiriqlarni so‘zsiz bajarish, ishlab chiqarish hajmlari hamda moliyaviy natijalar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlariga erishish, sof foyda ko‘rsatkichini ta’minlash va dividend majburiyatlarini yil yakuniga qadar to‘liq bajarish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalar ijrosi doimiy nazoratga olinishi ta’kidlandi.