August 8

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda

Sovuq kunlar boshlanishi bilan neft-gaz sanoati oldida muhim vazifa – barcha ob'ektlarni mavsumga tayyorlash vazifasi turadi. Bu past haroratli muhitda uzluksiz ishlash, xavfsizlikni ta'minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun zarur.

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma va korxonalarni 2025/2026 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalar, ijtimoiy soha ob'ektlarini ta'mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda ushbu tadbirlar doirasida 126ta texnologik qurilma, 8ta qozonxona, 39ta qozon, 198ta sig‘im, 49ta ishlab chiqarish binosi, 22ta gaz taqsimlash punkti, 2 392 metr issiqlik tarmog‘i, 1 165 metr suv tarmog‘i, 103ta transformator podstantsiyasi, 49 786 metr elektr tarmog‘i, 78 527 metr kabelь estakadasi ta'mirlandi.

Bundan tashqari, 259ta sig‘imda tozalash ishlari olib borildi. Past harorat uskunalar va tizimlar ishlashiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun 2 183 metr issiqlik tarmog‘i izolyatsiya qilindi, 50ta dizel elektr stantsiyasi, 42ta uzluksiz elektr ta'minoti manbalari, 70ta zahirani avtomatik ulash qurilmasining ishchi holati tekshirildi.

Shu bilan birga, uglevodorodlarni qazib chiqarish va qayta ishlash boshqarma va korxonalarining asosiy muhandislik kommunikatsiyalarida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

• Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida – “Ko‘kdumaloq”, “Pomuk”, “Zevarda”, “Kemachi”, “Alan” konlaridagi gazni kompleks tayyorlash qurilmasi hamda “Somontepa”, “Umid”, “Dengizko‘l” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida jami 13ta texnologik tarmoqda oldindan rejali ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. “Ko‘kdumaloq”, “Zevarda”, “O‘rtabuloq”, “Somontepa” va “Alan” konlaridagi siquv kompressor stantsiyalarida jami 13ta gaz haydash agregatida reglament ishlari bajarildi.

• Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida – “Sho‘rtan” 1-sonli (Betman) tovar gazni magistral gaz quvurlariga haydash (UPPBS-DKS) siquv kompressor stantsiyacidagi 4ta gaz haydash agregati va gazni past haroratda separatsiyalash texnologik tarmog‘ida reglament ishlari olib borildi.

• Muborak gazni qayta ishlash zavodida – 6ta Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasi, 4ta Propan-butan aralashmasini olish qurilmasida, 2ta oltingugurt olish qurilmasi, 4ta gazni quritish qurilmasi, 4ta gaz haydash agregatida oldindan rejali ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, 3tasida ishlar olib borilmoqda.

• Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida – 4ta “Kulbeshkak” gazni birlamchi tayyorlash qurilmasida reglament ishlari, “To‘maris”, “Yangiqazg‘on” gazni birlamchi tayyorlash qurilmasida, “G‘arbiy” kichik kompressor qurilmasida oldindan rejali ta'mirlash ishlari hamda 1ta “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 5-texnologik tarmog‘i va 2ta “Uchqir” siquv kompressor stantsiyasi 100, 200-gazni haydash agregatida ta'mirlash ishlari bajarildi.

• Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi – “Sharqiy Berdaq” 1 2, 3, 4 konlaridagi gazni kompleks tayyorlash qurilmalari jami 4ta texnologik tarmog‘ida reglament ishlari qilindi.

Ushbu rejali ta'mirlash ishlaridan so‘ng, ob'ektlarda texnologik qo‘rilmaning uzluksiz va samarali ishlashi ta'minlanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati