Yesterday

Xodimlar murojaatlari va takliflarini o‘rganish bo‘yicha navbatdagi ochiq muloqot

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, ishchi-xodimlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish hamda ularning taklif va murojaatlarini tinglash maqsadida tizim korxonalarida navbatdagi ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Joriy yilning 29-iyun kuni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi maslahatchilari hamda kasaba uyushmasi mas’ullari ishtirokida Muborak gazni qayta ishlash zavodi mehnat jamoasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot davomida ishchi-xodimlar tomonidan mehnat munosabatlari, ijtimoiy himoya va mehnat sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator taklif va murojaatlar bildirildi.

Xususan, zararli va og‘ir mehnat sharoitlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun imtiyozli pensiya ta’minotiga oid masalalar, bir-biriga yaqin ish sharoitiga ega bo‘linmalardagi ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda imtiyozli pensiya ro‘yxatiga kiritish tartibini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvda faoliyati tugatilgan “Sho‘rtan Yashil makon” MCHJdan Muborak gazni qayta ishlash zavodiga o‘tkazilgan 73 nafar xodimning ish haqini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ham murojaatlar bildirildi.

Ochiq muloqot davomida mehnat jamoasi tomonidan Boshqaruv raisi tashabbusi bilan tizim korxonalarida xodimlarni issiq ovqat bilan ta’minlash amaliyoti joriy etilgani qayd etilib, mazkur ijtimoiy loyiha uchun minnatdorlik bildirildi.

Kunning ikkinchi yarmida “UNG Medline” klinikasi jamoasi bilan ham ochiq muloqot o‘tkazildi. Xodimlarning tibbiyot muassasasini yanada rivojlantirish takliflari o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, klinika tomonidan Muborak tumanida joylashgan “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi boshqarma va zavod obyektlarida dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va murojaatlar ham ko‘rib chiqildi.

Xodimlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning fikr va tashabbuslarini eshitish hamda ijtimoiy masalalarni tizimli hal etish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida davom ettirilmoqda.

"O`zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati