19 megavattlik yangi loyiha: Gazli konlarida barqaror quvvat yaratiladi
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisining Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tashrifi davomida yangi energetik va ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Unda asosiy e’tibor kelgusida konlarda gaz qazib chiqarish hajmini barqaror saqlash va oshirishga xizmat qiladigan kichik kompressor stansiyalari qurilishiga qaratildi. Rejaga ko‘ra, umumiy quvvati 19 megavatt bo‘lgan 12 ta kichik kompressor stansiyasi barpo etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kompressor stansiyalari konlardagi gaz bosimini barqaror ushlab turish, quduqlar samaradorligini oshirish hamda gazni uzluksiz yig‘ish va uzatish jarayonlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tabiiy bosimi pasayib borayotgan konlarda bunday obyektlar ishlab chiqarishni saqlab qolishning eng muhim yechimlaridan biri hisoblanadi.
Loyiha doirasida kompressor stansiyalarini tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yangi elektr havo tarmoqlari va podstansiyalar qurilishi ham ko‘zda tutilgan.
Safar davomida 1 ta 220 kilovoltli hamda 2 ta 35 kilovoltli podstansiya qurilishi uchun yer maydonlari aniq belgilab olindi.
Qayd etilganidek, mazkur infratuzilma kelajakda kompressor stansiyalarining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida energiya ta’minotidagi xavflarni kamaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini kuchaytirish, gaz qazib chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Loyihaning yana bir muhim jihati — ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish imkoniyatidir. Barqaror elektr ta’minoti va zamonaviy kompressor uskunalari orqali quduqlarning ishlash muddati uzaytirilishi, avariyaviy to‘xtalishlar esa kamaytirilishi kutilmoqda.
Boshqaruv raisi tomonidan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, qurilish ishlarini jadallashtirish hamda barcha tashkiliy masalalarni tezkor hal qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.