Yesterday

Chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarish tezlashadi

“O‘zbekneftgaz” AJda Qozog‘istonning “KazMunayGaz” MK AJ sho‘ba korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihaning joriy holati atroflicha ko‘rib chiqildi hamda uni amalga oshirish bosqichlari muhokama qilindi.

Tomonlar loyihani muvaffaqiyatli ishga tushirishdan manfaatdor ekanini qayd etib, yaqin istiqbolda loyiha ishlarini jadallashtirish va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yakuniga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Qayd etish joizki, chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish loyihasi ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega. U maishiy yuvish vositalari ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi.

Loyihaning amalga oshirilishi mintaqaning ichki bozor ehtiyojlarini qondirish, neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonning eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati