April 19

Geologiya-qidiruv va qazib chiqarish jarayonlari endi soatbay tanqidiy tahlil etiladi

“O‘zbekneftgaz” AJda qazib chiqarishni ta’minlash, geologik-texnik tadbirlarni samarali amalga oshirish hamda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov joriy yilning o‘tgan davri natijalari, shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish, geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish va texnologik jarayonlarni takomillashtirish asosiy vazifa hisoblanadi. Muhokamada qazib chiqarish ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilinib, ayrim boshqarmalar faoliyatida mavjud muammo va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, geologik-texnik tadbirlar ijrosi, yangi quduqlarni ishga tushirish, ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari tahlil qilindi.

Geologiya-qidiruv ishlarida belgilangan rejalar ijrosini ta’minlash, ayniqsa seysmik tadqiqotlar sifatini oshirish va loyihalarni o‘z vaqtida yakunlash muhim vazifa sifatida qayd etildi. Bu borada mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida yuzaga kelayotgan avariyaviy holatlarning oldini olish, ishonchli va uzluksiz ishlashni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda tizimli choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda qazib chiqarish va texnik tadbirlar uchun zarur bo‘ladigan asbob anjomlar xaridi jarayonlarini yanada soddalashtirish, sarf etilayotgan elektr energiyasini iqtisod qilish, kapital va joriy ta’mirlash hamd texnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ikkinchi chorakda qazib chiqarish hajmlarini oshirish, mahsulot ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlariga erishish va belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati