Bayramga munosib tayyorgarlik, xalqqa munosib xizmat
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda Neft va gaz sanoati xodimlari kunini munosib nishonlashga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda jamiyat tarkibidagi tashkilotlar oldida turgan muhim vazifalar, ishlab chiqarish barqarorligi, xavfsizlik, xodimlar manfaati va bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida qayd etilgan har bir topshiriqning negizida bitta ezgu maqsad — xalqimizga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish, bayram kunlarida aholi ehtiyojini to‘la ta’minlash, sohadagi mehnat jamoalari uchun munosib sharoit yaratish kabi hayotiy masalalar mujassam. Topshiriqlarda yig‘ilish kun tartibidagi har bir masalaga faqat tashkiliy nuqtayi nazardan emas, balki odamlar turmushi, xodimlar manfaati va jamoalar mas’uliyati bilan uyg‘un holda yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalo, ishlab chiqarish va qazib chiqarish jarayonlarining bir maromda davom etishi, barcha obyektlarda navbatchilikni puxta yo‘lga qo‘yish, mas’ullarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish vazifasi belgilab berildi.
Boshqaruv raisi bayram kunlari har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashish, xalqqa xizmatni uzluksiz davom ettirish, vazifalarni yanada sidqidildan bajarish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, toifalangan obyektlarda xavfsizlik rejimini mustahkamlash, sanoat va mehnat muhofazasi talablariga qat’iy amal qilish, yong‘in xavfsizligini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlashda nazorat-o‘lchov asboblari, texnologik jarayonlar avtomatikasi, muhofaza tizimlari, qurilmalar, elektr ta’minoti va sozlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi ham muhim vazifalar qatorida tilga olindi. Suyultirilgan gaz zaxiralarini ko‘paytirish, uni aholiga yetkazuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda taqdim etish, Sho‘rtan, Gazli va Muborak kabi yirik ishlab chiqarish zavodlarida mas'ul rahbarlar boshchiligida navbatchiliklarni tashkil qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Bayramni xodimlar oilasi bilan xotirjam va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mas’ullarga ish haqlarini belgilangan muddatlardan avval to‘lash, rag‘batlantirish mablag‘larini o‘z vaqtida yetkazish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Bayram dasturxonlarini fayzli va tartibli tashkil etish, binolarni Mustaqillik g‘oyalariga mos shiorlar, bannerlar bilan bezash, obodonlashtirish ishlarini jonlantirish, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining 25 yilligini munosib nishonlash kabi vazifalar ham tayyorgarlikning asosiy qismi sifatida ko‘rib chiqildi.
Mo‘ynoqda barpo etilayotgan “Uchsoy ishchilar shaharchasi” ochilish marosimini bayram arafasida tantanali o‘tkazish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar esa sohada ishchi inson qadriga berilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Shuningdek, mehnat jamoalaridagi muhitni sog‘lom saqlash, xodimlarni qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida o‘rganish va norozilikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarni oldindan bartaraf etish zarurligi ham ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullardan kun tartibidagi ushbu masalalar bo‘yicha ayni paytdagi ishlar holati bo‘yicha hisobotlar so‘ralib, har bir yo‘nalishda aniq natija, qat’iy intizom va o‘zaro hamkorlik talab etilishi qayd etildi.