Xitoyning nufuzli kompaniyasi bilan 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha strategik kelishuv imzolandi
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilda mamlakat gaz zaxiralarini oshirish hamda qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish maqsadida izlov-qidiruv va ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha qator islohotlar belgilangan edi.
Mazkur chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida jamiyat Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida neft-gaz sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Xususan, dunyodagi top to‘rtlik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Xitoyning “CNPC” milliy korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “XIBU” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinib, kompaniyaga 2026–2029-yillar davomida mamlakatimizda jami 105 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv taklifi ilgari surilgan edi.
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ va “XIBU” kompaniyasi o‘rtasida 2026–2027-yillarda 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha birinchi bosqich shartnoma imzolandi. Bunda 450 tonnalik yuk ko‘tarish quvvatiga ega 10 ta burg‘ilash dastgohini O‘zbekistonga keltirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan o‘tkazilgan seysmik tadqiqotlar natijalari bilan aniqlangan tabiiy gaz zaxirasiga istiqbolli maydonlarda rejalashtirilayotgan yangi quduqlar chuqurligi 5500–6000 metrdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, amalda burg‘ilangan quduqlarda 1000 atmosferagacha bo‘lgan yuqori bosim va 200°C harorat kabi murakkab geologik sharoitlar kuzatilgan.
Mazkur loyiha murakkab geologik sharoitda burg‘ilash jarayonlari xavfsizligini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish va geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, gaz zaxiralarini ko‘paytirish hamda mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi strategik vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.