Today

AQSHning nufuzli kompaniyasi bilan hamkorlik mustahkamlanadi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Amerika qo‘shma shtatlarining Schlumberger (SLB) kompaniyasi Osiyo–Tinch okeani hududi bo‘yicha Prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlikning joriy holati, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni hamda neft-gaz sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, neft-gaz operatsiyalarining samaradorligini oshirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda razvedka, ishlab chiqish va konlarni boshqarishning barcha bosqichlarida innovatsion yechimlarni tatbiq etishga qaratilgan strategik sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, Ustyurt mintaqasidagi konlarni kompleks boshqarishga qaratilgan “Konlarni boshqarish tizimi” (Field Management Application) loyihasini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Loyiha doirasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar qayd etilib, mavjud ishchi masalalar hamda uning keyingi bosqichlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilab olindi.

Uchrashuv davomida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ va SLB kompaniyasi raqamli yechimlar, konlarni boshqarish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohalarida strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati